2023 yilning iyulida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining qarori bilan 2023-2024 o‘quv yilida ustama to‘lanadigan sertifikatlar ro‘yxati tasdiqlangandi. Endilikda, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklarining qo‘shma qarori bilan bu ro‘yxat o‘zgartirilishi mumkin.

2024 yil 7 may kuni muhokamaga qo‘yilgan qaror loyihasiga ko‘ra, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarga ustama belgilashda qo‘llanadigan milliy va xalqaro til sertifikatlar ro‘yxatini qayta tasdiqlash rejalashtirilmoqda.

Ya’ni ayrim sertifikatlarni ro‘yxatdan chiqarish va yangilarini qo‘shish taklif etilgan. Masalan, ingliz tili bo‘limidagi jami 11 ta sertifikat 5 tagacha qisqargan. Loyihada mazkur qaror kuchga kirgunga qadar olingan sertifikatlarga (amal qilish muddati tugaguncha) ustamalar berilishi aytilgan.

Qisqarishga tushayotgan xalqaro test tizimlaridan biri – TKT testi (Teaching Language Test) uchun to‘lov qilib qo‘ygan va imtihon bo‘lishini kutib turgan minglab ingliz tili o‘qituvchilari bundan norozi. Ular sertifikatni olish muddati qaror qabul qilingandan keyinga to‘g‘ri kelishi va ularning o‘tmay qolishidan xavotir olishmoqda.

Bu borada e’tiroz bildirayotgan ko‘plab o‘qituvchilar Kun.uz'ga murojaat qildi.

“Nega ustozlar taqdirini bunchalik o‘yinchoq qilishadi?”

Qashqadaryo viloyatidagi maktablardan birida ishlovchi pedagogning aytishicha, TKT sertifikati modullarga bo‘lingan bo‘lib, amaldagi tartibga ko‘ra 3-, 4-modullar uchun ustama haqi beriladi.

“Hali 1-modulni topshirib, imtihondan o‘tib, 2-3-modulga to‘lov qilgan ustozlarimiz bor. Har bir modulga 800 ming so‘mdan to‘lov qilganmiz. Shuncha mehnat qilib endi C1 ga yetishdik deganimizda, TKT bekor bo‘ladi deb loyihaga kiritishgan.

Nega qarorlarini tinimsiz o‘zgartiraverishadi? Nega ustozlar taqdirini bunchalik o‘yinchoq qilishadi? Bu serifikatni olish uchun qancha mehnat qildim”, – deydi u.

“Men hozirda tug‘uruq ta’tilidaman. Shunday bo‘lishimga qaramasdan TKT sertifikatini olish uchun astoydil o‘qiyapman. 1-modulidan o‘tdim, endi 2-, 3-modullar uchun to‘lov qilgandim. Har bir modul uchun 800 ming so‘mdan to‘lov qilganman.

Biz ingliz tili ustozlari o‘yinchoq bo‘ldikmi? Bugun bu qonun, ertaga boshqasi... Biz qaysi biriga harakat qilishni bilmay qoldik-ku. Ingliz tili ustozlari har yili yurak hovuchlaydigan bo‘lib qoldik. Bu yil qanaqa qonun chiqarkan, qaysi sertifikat bekor bo‘larkan deb”, – deydi Qashqadaryodan yozgan yana bir pedagog.

“Bugungi kunda biz o‘qituvchilar uchun yaratilgan ba’zi bir qonun va loyihalar ko‘ngilni biroz ranjitadi. Men ham TKT imtihonida qatnashib, 1-3-modullardan o‘tib, 2-moduldan o‘tolmadim. Shu darajaga kelguncha kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay salkam 5 oy o‘qidim, ko‘zimni nuri ketdi. 950 ming so‘mdan har bir modul uchun mablag‘ sarfladim. O‘sha vazirlikdagi insonlar shu tomonlarini o‘ylasin. Faqat o‘zlarini haqman demasdan”, – deydi bir andijonlik o‘qituvchi.

Surxondaryolik pedagog esa TKT sertifikatining boshqa til sertifikatlaridan ko‘ra samarali ekaniga e’tibor qaratgan.

“CEFR yoki IELTS'dan C1, 7+ o‘qituvchilarni ko‘rdik, boshlang‘ich sinflarning kitoblari dasturiga tushunmay, bolaga nima o‘rgatishni bilmay o‘tiribdi? Aynan shu kitoblar programmasini tushunib, bolaga biron narsa o‘rgata olishi uchun aynan TKT sertifikati kerak, pedagoglar uchun TKT muhimroq”, – deydi u.

“TKT sertifikatini olganman, TKT kursini o‘qib metodikada ko‘p malakamni oshirdim. O‘z darslarimda qo‘llab ko‘rdim va o‘quvchilarim bilan birga juda yaxshi natijalarga erishdim. Bilimi mukammal bo‘lgani bilan metodikasi bo‘lmasa, bilimni o‘quvchilarga yetkazib berishda maqsadga erishib bo‘lmaydi. Umumiy qilib aytganda, TKT bu ingliz tili o‘qituvchilarining metodik bilimlarini oshiruvchi kurs deb bilaman”, – degan yana bir andijonlik o‘qituvchi.

Kun.uz izoh so‘rab Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklariga so‘rov yubordi.