O‘zbekiston | 15:28 / 16.05.2024
7423
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Botir Zokirov memorial muzeyi barpo etiladi

Toshkent shahrida milliy estrada san’ati asoschisi, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochildi. 

Tadbirda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, san’at muxlislarini qizg‘in tabrikladi.

– Bugun o‘ziga xos san’at va madaniyat bayrami. Ushbu quvonchli voqea bilan siz, azizlarni, rahmatli Botir Zokirovning yaqinlari va muxlislarini, butun xalqimizni samimiy muborakbod etaman, - dedi prezident.

Botir Zokirov 1936 yilda san’atkorlar oilasida tug‘ilib, voyaga yetgan. 29 yoshida O‘zbekiston xalq artisti unvoniga sazovor bo‘lgan. 2000 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” va 2021 yilda “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan.

Botir Zokirov ijodiy fenomeni milliy san’atimiz tarixida butun bir davrni tashkil etishi ta’kidlandi. Uning boy merosini chuqur o‘rganish va xalqqa yetkazish ishlarini davom ettirish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga alohida qaror tayyorlash topshirildi. 

Unda Toshkent shahrida san’atkorning memorial muzeyini barpo etish, estrada san’ati bo‘yicha Botir Zokirov nomidagi xalqaro ko‘rik-tanlov va talabalar uchun davlat stipendiyasi joriy etish, badiiy film yaratish, Milliy estrada simfonik orkestri faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalar ko‘zda tutiladi.

Mavzuga oid