O‘zbekiston | 08:32 / 05.09.2020
5024
5 daqiqa o‘qiladi

Respublika hududlarida manzarali daraxt va buta ko‘chatlarini ekish ishlari kuchaytiriladi

Respublika hududlarida joriy yil kuz va 2021 yil bahor mavsumlarida ko‘kalamzorlashtirish, manzarali daraxt va buta ko‘chatlarini ekish ishlarini tizimli va uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “Respublika hududlarida joriy yil kuz va 2021 yil bahor mavsumlarida ko‘kalamzorlashtirish, manzarali daraxt va buta ko‘chatlarini ekish ishlarini tizimli va uyushqoqlik bilan tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishi loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligining shaharlar va boshqa aholi punktlari, avtomobil yo‘llari chetlari, ijtimoiy obektlar, tashkilotlar hududini hamda fermer xo‘jaliklari ekin yer maydonlari chetlarini yanada ko‘kalamzorlashtirish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.

Quyidagilar:

Joriy yil kuz va 2021 yil bahor mavsumlarida manzarali daraxt va buta ko‘chatlarini ekishning prognoz ko‘rsatkichlari, talab etiladigan mablag‘lar va moliyalashtirish manbalari;

Joriy yil kuz va 2021 yil bahor mavsumlarida ekish uchun ko‘chat yetkazib berish prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlanadi.

Manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari hamda qalamchalarini shartnoma asosida yetkazib berish hamda ekish ishlarini muvofiqlashtiruvchi Respublika ishchi guruhi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hamda tuman (shahar)lar ishchi guruhlarining namunaviy tarkibi tashkil etiladi.

Quyidagilar Respublika ishchi guruhi (Ramatov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tuman (shahar)lar hududiy ishchi guruhlarining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

mazkur farmoyish bilan belgilangan ko‘chatlarni sotib olish yuzasidan shartnomalar tuzish, to‘lovlarni oldindan amalga oshirish, ko‘chat yetkazib berish va ekish bo‘yicha kunlik monitoring yuritish;

ko‘chat ekish va ekilgan ko‘chatlarni to‘liq undirib olish uchun sug‘orish ishlarini tashkil etish bo‘yicha yuzaga keladigan muammolarni tezkor hal etish;

har haftaning juma kuni hududiy (viloyatlar, tumanlar va shaharlar) ishchi guruhlar ko‘chat ekish bo‘yicha tahliliy ma'lumotlarni respublika ishchi guruhiga kiritish;

har haftada respublika ishchi guruhi tomonidan tahliliy ma'lumotlarni O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga taqdim etish.

Respublika ishchi guruhi (Sh.Abdurazakov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda:

belgilangan tartibda joriy yil kuz va 2021 yil bahor mavsumlarida ekiladigan daraxt ko‘chatlarining yagona elektron bazasini yaratish va elektron bazaga hududlarda ekilgan ko‘chatlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni muntazam kiritib borilishini tashkil etish;

farmoyishda belgilangan ko‘chatlarni sotib olish yuzasidan shartnomalar tuzish, to‘lovlarni oldindan amalga oshirish, ko‘chat yetkazib berish, ekish bo‘yicha respublika miqyosida kunlik monitoring yuritish hamda joylarda ekilgan ko‘chatlarning holati to‘g‘risida har haftaning juma kunlari “Respublika ishchi guruhi”ga tahliliy-tanqidiy axborot taqdim etib borish;

ekilgan daraxt ko‘chatlarini mavsum davomida parvarishlash, ularni zararkunandalardan himoya qilish va payhon etilishining oldini olishni nazorat qilish vazifalari topshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Akademik F.N. Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bog‘i, Akademik M. Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari belgilangan miqdordagi ko‘chatlar hamda qalamchalarni olish istagini bildirgan respublika bo‘yicha hududlardagi tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'iy nazar barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar hamda tashkilotlarga shartnoma asosida va qonunchilikda belgilangan tartibda pul o‘tkazish yo‘li bilan tashkilotlarning ushbu tadbirlar uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lari hisobidan yetkazib berilishini ta'minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid