Jahon | 22:25 / 07.02.2024
14207
8 daqiqa o‘qiladi

G‘azo bo‘yicha kelishuvlar, Ukrainaga raketa hujumi va daromadlari pasaygan «Gazprom» - kun dayjesti

So‘nggi bir kun ichida jahonda sodir bo‘lgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestda tanishtirishda davom etamiz.

Isroil va HAMAS kelishuvi

HAMAS va Isroilning kelishuviga yaqin qolgan bo‘lishi mumkin.

Falastinning HAMAS harakati Isroil bilan muayyan kelishuvlar bo‘yicha o‘z javobini harakat rahbariyati va fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar tugaganidan so‘ng Qatar va Misr vakillariga berganini e’lon qildi.

Bu borada Dohada bo‘lib turgan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ham o‘z munosabatini bildirgan:

«Biz kelishuv borasida HAMASning ayrim e’tirozlar bildirilgan, umuman olganda esa ijobiy javobini oldik. HAMASning reaksiyasi optimizm baxsh etadi, biroq vaziyat nozikligi tufayli tafsilotlarga to‘xtalmaymiz», — degan Blinken.

Uning so‘zlariga ko‘ra, humanitar kelishuv istiqbolga ega va «barcha uchun manfaatli» bo‘ladi.

HAMAS harakati yetakchisi G‘aziy Hamad ham kelishuv borasida Al Jazeera kanaliga intervyu bergan. Unga ko‘ra, kelishuvdagi ko‘plab masalalar noaniq va ikki ma’noli bo‘lgan.

«Netanyahu o‘zining koalitsion hukumatini saqlab qolish uchun barchani g‘alabaga erishgani yoki erishishiga ishontirmoqchi», — degan Hamad.

HAMAS Isroil bilan kelishuvning amalga oshirilishi uchun xalqaro kafolat talab qilgan. Ular Isroil qamoqxonalarida imkon qadar ko‘proq falastinliklarning ozod qilinishiga erishmoqchi. Eslatib o‘tamiz, ayni damda Isroil qamoqxonalarida 9 mingga yaqin falastinlik mahbuslar saqlanmoqda.

«Isroil o‘t ochishni to‘xtatishni o‘zining mag‘lubiyati sifatida qabul qiladi va bu hukumat koalitsiyasining tarqalishiga olib kelishi mumkin», — degan Hamad.

Sulh muzokaralari ketayotgan bir chog‘da Isroilning G‘azodagi harbiy harakatlari davom etmoqda. Sektorda o‘ldirilgan falastinliklar soni 27 ming 585 nafarga yetgan, yaradorlar 66 mingdan oshgan. So‘nggi sutka ichida Isroil hujumlari natijasida 107 kishi halok bo‘lgan, 143 kishi yaralangan. 

AQShning Yaqin Sharqdagi zarbalari

Amerika Qo‘shma Shtatlari Yaqin Sharqdagi zarbalarini bas qilmoqchi emas. Bu haqda Qatar poytaxti Dohada o‘tgan matbuot anjumanida AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ta’kidlab o‘tgan.

AQShning Yamandagi maxsus vakilining ta’kidlashicha, Qizil dengizda husiychilarni kemalarga hujum qilishga Eron undamoqda.

«Husiychilar qilayotgan ish sulhga erishish harakatlariga to‘sqinlik qilib, falastinliklarga zarar yetkazadi. G‘azoga insonparvarlik yordami yetkazilishini qiyinlashtirib, mintaqada taranglik va bosimni kuchaytiradi», — degan u.

Unga ko‘ra, husiychilarni to‘xtatish bo‘yicha jiddiy majburiyat bor va alaloqibat Eron izolyatsiyada qolib ketishi mumkin. 

Rossiyaning Ukrainaga tungi hujumi

7 fevralga o‘tar kechasi Rossiya harbiylari Ukraina shaharlariga yopirilma raketa zarbalari berishgan. Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, raketalar Rossiyaning Murmansk oblastidagi Olenya aerodromidan parvoz qilgan Tu-95 samolyotlaridan uchirilgan.

Raketalarning bir qismi poytaxt Kiyevga yo‘naltirilgan. Ukraina poytaxti meri Vitaliy Klichkoga ko‘ra, shaharda havo hujumidan mudofaa tizimi ishga tushgan va bir necha portlashlar ro‘y bergan. Kiyev uzra va unga yaqin hududda umumiy hisobda 20 ta qanotli raketa urib tushirilgan. Urib tushirilgan raketalarning bo‘laklari Dnipro tumanida ikkita yuqori voltli liniyaga zarar yetkazgan. Buning oqibatida Dnipro daryosining so‘l sohilidagi aholi elektr energiyasisiz qolgan.

Portlashlar shuningdek Xarkiv va Mikolayiv shaharlarida ro‘y bergan. Mikolayiv shahri meriga ko‘ra, raketalar turar joylarning tomlarini uchirgan. Bir kishi jonlantirish bo‘limida vafot etgan. 

Yevropadan Rossiyaga «harbiy soliq»

Yevropa Ittifoqida Ukrainaga yordam berish maqsadida Rossiya bilan savdo-sotiq uchun «harbiy soliq» joriy etish taklif etildi.

Bunday taklif bilan Yevropa parlamentining Litvadan deputati Yuozas Olekas chiqish qilgan. Uning Yevropa komissiyasiga yo‘llagan xatida Rossiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida hamon sezilarli savdo aylanmasi mavjudligi qayd etilgan. Xususan, Rossiya budjeti Yevropa va G7 davlatlari bilan savdo-sotiq qilishdan yiliga 200 mlrd dollar daromad olmoqda.

«Rossiya bilan savdo-sotiqni to‘liq embargo qilish avvalgidek imkonsiz ekan, Rossiyadan xarid qilinayotgan yoki unga sotilayotgan har qanday tovar va xizmatlar soliqqa tortilishi kerak», — deyiladi xatda. Olekas bunday soliq paydar-pay oshirib borilishi va kompaniyalarni Rossiya bilan savdo-sotiq qilishni to‘xtatishga majburlash kerakligini ham qayd etgan.

Ukrainaga Rossiya hisobidan yordam qilish borasida yana bir xabar. Yevropa Ittifoqi Belgiyaning Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan garov sifatida foydalanish g‘oyasini ma’qullamagan.

Reuters agentligi suhbatlashgan Yevropa mulozimlari boshqa mamlakatning suveren aktivlarni xatlash uchun huquqiy asoslar yo‘qligini ko‘rsatib o‘tishgan. Bundan tashqari, ittifoqdagilar ko‘riladigan bunday chora investorlarning yevrodan voz kechishiga olib kelishi mumkin, deb cho‘chishmoqda. 

Ukrainaga Yevropadan qo‘llov

Yevropa Ittifoqi Ukraina qurolli kuchlari va harbiy sanoatini o‘zining harbiy imkoniyatlarining bir qismiga aylantiradi, degan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Yevropa parlamenti sessiyasida.

U yevropaliklarga «yaqin kelajakda Ukraina safimizda bo‘ladi», deb va’da bergan. Lekin bungacha «juda ko‘p azob-uqubatlar borligi»ni ham ta’kidlagan. Yevrokomissiya rahbariga ko‘ra, Yevropa ittifoqi «o‘zi ishonayotgan narsa uchun eng yuqori narxlarda to‘lov qilishga tayyor» va «Ukraina bilan urushning har bir kunida va undan keyin ham birga qolish» niyatida.

Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel esa Yevropa parlamentida chiqish qila turib, Ukraina Qrim va Luhanskdan Rossiya foydasiga voz kechib, tinchlikka erishishi kerak, degan chaqiriqlardan shokka tushganini ta’kidlagan. Uning ta’kidlashicha, Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish «Yevropaning ma’naviy burchi, har bir yevropalikning bo‘lg‘usi avlodlar oldidagi majburiyati». Sharl Mishel Ukraina uchun sarflangan har bir yevroni «Yevropa Ittifoqining xavfsizligiga kiritilayotgan investitsiya» deb atadi.  

«Gazprom» daromadlari pasaymoqda

Rossiyaning eng yirik gaz kompaniyasi «Gazprom»ning gaz qazib olish hajmi kompaniyaning butun tarixidagi minimumlarga pasaygan.

Yevropaning ko‘plab davlatlarini gazdan uzib, o‘zining yagona yirik bozorini qo‘ldan chiqarib, «Gazprom» gaz qazib olishni kamaytirishga majbur bo‘lmoqda.

2023 yil yakunlariga ko‘ra «Gazprom» 404 mlrd metr kub gaz qazib olgan. Bu urushning birinchi yiliga nisbatan 9 mlrd metr kubga yoki 2 foizga kamroq.

«Gazprom» tomonidan yakuniy ishlab chiqarilgan gaz hajmi kompaniya mavjud 34 yil ichida eng pasti bo‘lgan. 1990 yilga nisbatan solishtirilganda «Gazrom» qazib olinayotgan gaz hajmining uchdan bir qismi yoki qariyb 200 mlrd metr kubini yo‘qotgan.

Yevropaga yetkazib berishlar 28 mlrd metr kubgacha pasaygan. Bu 1970-yillar ikkinchi yarmidagi hajmga teng. 2023 yilda Xitoy «Sila Sibiri» gaz o‘tkazish quvuri orqali rekord 23 mlrd metr kub gaz xarid qilgan. Lekin bu urushgacha Yevropa Ittifoqiga qilingan eksport hajmi — 180 mlrd metr kubning sakkizdan bir qismini qoplagan, xolos.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов

Mavzuga oid