O‘zbekiston | 10:44 / 25.09.2019
4842
7 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida zamonaviy agrosanoat klasteri tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Toshkent viloyatida zamonaviy agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 23 fevraldagi “Respublikada urug‘lik kartoshka yetishtirishni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3558-son qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Toshkent viloyatida kartoshkachilikni rivojlantirish borasida:

urug‘lik va iste'mol kartoshka yetishtirishga ixtisoslashgan, xo‘jalik shartnomasi asosida Kartoshka yetishtiruvchilar uyushmasi buyurtmasi bo‘yicha tayyor mahsulot yetishtirish, shuningdek agrotexnika va agrokimyo, logistika, saqlash, qadoqlash va transportirovka qilish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi “Bo’stonliq kartoshkachilik markazi” MChJ tashkil etilgan;

kartoshkani chuqur qayta ishlash natijasida “Solanuz” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan eksport potensiali yuqori bo‘lgan fri kartoshkasi va quruq kartoshka pyuresi ko‘rinishidagi tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha yillik quvvati 18 ming tonna bo‘lgan zavod ishga tushirilgan;

“Bo’stonliq kartoshkachilik markazi” MChJ tomonidan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha 700 gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi joriy etish asosida kartoshka yetishtirishni yo‘lga qo‘yilishi natijasida suv sarfini 2 barobar iqtisod qilinishiga, hosildorlikni o‘rtacha 1,5 barobargacha oshirishga erishilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Kartoshka yetishtiruvchilar uyushmasi, Toshkent viloyati hokimligi, “Agrover” mas'uliyati cheklangan jamiyatining:

Toshkent viloyati hududida “Bo’stonliq kartoshkachilik markazi” MChJ, “Solanuz” MChJ va boshqa o‘zaro bog‘liq bo‘lgan korxonalar negizida:

urug‘lik kartoshka yetishtirish, shu jumladan, virussiz in vitro texnologiyasi asosida ko‘paytirish;

ilmiy asoslangan almashlab ekish tizimida qo‘llaniladigan dukkakli, boshoqli don va boshqa qishloq xo‘jalik ekinlarining urug‘liklarini yetishtirish;

mahalliy va xorijiy seleksiya hamda biotexnologik navlarning birlamchi urug‘chiligini tashkil etish va rivojlantirish;

urug‘chilik bo‘yicha xalqaro va milliy tashkilotlar bilan o‘zaro faol hamkorlik qilish, urug‘liklarni ekishdan oldin ishlov berish va qayta ishlashga oid innovatsion texnologiyalar, suvni tejovchi texnologiyalarni va ushbu sohadagi boshqa nou-xaularni joriy etish;

iste'molga yo‘naltirilgan kartoshka ishlab chiqarish va chuqur qayta ishlash bo‘yicha agrosanoat klasterini tashkil etish;

tashkil etilayotgan Agroklaster tarkibiga ro‘yxatga muvofiq agrokorxonalarni kiritish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.

Agroklaster tarkibiga kiruvchi agrokorxonalar tomonidan 2019-2022 yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining prognoz ko‘rsatkichlari va ro‘yxati ma'qullanadi.

Toshkent viloyati hokimligi:

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda “Bo’stonliq kartoshkachilik markazi” MChJga Bo‘stonliq tumanida yagona hududlik tamoyili bo‘yicha jami 1400 gektar, shu jumladan, “Poytaxt-Agro” davlat korxonasiga ajratilgan yer uchastkalari hisobidan 146 gektar sug‘oriladigan yer maydonlarini ajratilishini;

investitsiyalar kiritish va yangi ish o‘rinlari tashkil etish sharti bilan “Bo’stonliq kartoshkachilik markazi” MChJga Bo‘stonliq tumanidan va “Solanuz” MChJga O‘rtachirchiq tumanidan zamonaviy mashina-traktor parklari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qabul qilish, qadoqlash va dastlabki qayta ishlash bo‘yicha logistika markazlari qurish uchun past ball-bonitetli yer maydonlari ajratilishini ta'minlaydi.

Belgilanishicha:

boshqaruvchi kompaniya sifatida “Agrover” MChJ Agroklaster tarkibiga kiruvchi agrokorxonalarning mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasi milliy valutasida jamlash va keyinchalik ushbu mablag‘larni moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish hamda ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun ular o‘rtasida taqsimlash huquqiga ega;

boshqaruvchi kompaniya sifatida “Agrover” MChJning Agroklaster tarkibiga kiruvchi agrokorxonalardan olingan hamda ular o‘rtasida taqsimlanadigan, o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotni sotish bo‘yicha aylanmalar bilan bog‘liq bo‘lmagan pul mablag‘lari va mol-mulk, shuningdek, sof foydani taqsimlash soliq solish obekti hisoblanmaydi;

tashkil etilayotgan Agroklaster tarkibiga kiruvchi agrokorxonalar ichki hamda tashqi bozordagi ehtiyoj va tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda, qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish, mahsulot yetishtirish hajmi, ularning navi va turini belgilash bo‘yicha mustaqil qaror qabul qiladi;

yomg‘irlatib (sprinkler) sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan maydonlar yagona yer solig‘ini to‘lashdan besh yil muddatga ozod etiladi;
urug‘lik kartoshkani sertifikatlash bo‘yicha tariflar har bir kilogrammi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1 foizini tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashga sarflanayotgan davlat xarajatlarini samaradorligini oshirish maqsadida bir oy muddatda ijtimoiy soha muassasalari va boshqa budjet mablag‘lari oluvchilari uchun tasdiqlangan ovqatlanish me'yorlarida ko‘zda tutilgan iste'mol kartoshkasi miqdorini qisman kamaytirish (almashtirish) hisobiga quruq kartoshka pyuresini kiritish bo‘yicha;

nizom jamg‘armalarida davlat ulushi yuqori bo‘lgan korxonalar va yuridik shaxslar bilan birgalikda xodimlar va boshqa kontingent ovqatlanishini tashkil etish jarayonida quruq kartoshka pyuresini qo‘llanishini joriy etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

“Solanuz” MChJ respublikada quruq kartoshka pyuresini yagona ishlab chiqaruvchisi bo‘lganligini hisobga olib, davlat buyurtmachilariga ushbu mahsulotni maxsus ma'lumotlar portalida ro‘yxatdan o‘tkaziladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qilishga ruxsat beriladi.

Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan respublikada ishlab chiqarilgan quruq kartoshka pyuresi (TIF TN kodi 1105200000) eksportini amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Mavzuga oid