Sport | 18:26 / 06.03.2019
8281
2 daqiqa o‘qiladi

Pokiston Hindiston bilan ziddiyat fonida Olimpiadaning futbol turniri yo‘llanmasidan voz kechdi

Pokiston olimpiya terma jamoasi 22-26 mart kunlari Toshkentda o‘tadigan Osiyo chempionati saralash bahslarida ishtirok etmaydigan bo‘ldi, deb xabar bermoqda O‘FA.

Xabarda Pokiston tomonining ayni qarorga kelishi sabablari ko‘rsatilmagan, ammo buni saralashning «F» guruhida Hindiston OTJ ham o‘rin olgani bilan izohlash mumkin. So‘nggi vaqtlarda ushbu ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy-siyosiy taranglik keskinlashgan.

Guruhdan Pokiston va Hindistondan tashqari, Tojikiston va mezbon O‘zbekiston olimpiya termalari ham joy olgandi. Bir ishtirokchi kamayishi munosabati bilan musobaqa taqvimi quyidagicha ko‘rinish olgan:

22 mart, 17:00
O‘zbekiston - Hindiston

24 mart, 17:00
Tojikiston - Hindiston

26 mart, 17:00
O‘zbekiston - Tojikiston

Barcha uchrashuvlar «Paxtakor» markaziy stadionida bo‘lib o‘tadi. Guruh g‘olibi, shuningdek, barcha guruhlarda eng yaxshi ko‘rsatkichga ega ikkinchi o‘rin sohiblaridan 4tasi 2020 yil yanvarida Tailandda o‘tadigan Osiyo chempionati final bosqichiga yo‘l oladi. Ushbu musobaqada eng yuqori o‘rinni olgan uchta terma jamoa Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Lyubinko Drulovich boshchiligidagi O‘zbekiston olimpiya termasi dastlab Ispaniyada, so‘ng Turkiyada o‘tkazilgan xorij yig‘inlarini yakunlab, Toshkentga qaytib kelgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid