O‘zbekiston | 20:10 / 13.05.2018
17181
2 daqiqa o‘qiladi

«Xo‘ja Nasriddin» O‘zbekistonda suratga olinadi. Unda Jan Reno rol o‘ynashi kutilmoqda

Joriy yilda o‘zbekistonlik kinoijodkorlar rossiyalik hamkasblari bilan birga O‘zbekistonda “Xo‘ja Nasriddin” filmini suratga olish ishlarini boshlaydi. 

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan Kann kinofestivali doirasida tashkil etilgan milliy pavilonda o‘zbek delegatsiyasi yangi kelishuvlarga erishishda davom etmoqda.

Shunday qilib, butun dunyo kinematograflari va kinobozorini bir yerga to‘plagan Kann xalqaro festivalining eng qizg‘in pallasiga kelgan bir davrda O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiyaning “Renovatsio” kinokompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi imzoladi.

Foto: Yosh kinoijodkorlar kengashi matbuot xizmati

Memorandumga muvofiq, 2018 yilda rossiyalik kinoijodkorlar o‘zbek hamkasblari bilan birga O‘zbekistonda “Xo‘ja Nasriddin” filmining suratga olish ishlari boshlanadi.

“Renovatsio” kinokompaniyasi prodyuseri Georgiy Malkovning ta'kidlashicha, rossiyalik kinoijodkorlar tomonidan mazkur filmda rol ijro etish uchun super yulduz Jan Reno ham taklif etilgan. Jan Reno tomonidan mazkur taklif ijobiy qabul qilingan.

Foto: Yosh kinoijodkorlar kengashi matbuot xizmati

“Xo‘ja Nasriddin” loyihasida ijodiy va texnik guruhning yarmini o‘zbekistonlik mutaxassislar tashkil etadi.

Loyihaning ishga tushirilishi o‘zbekistonlik mutaxassislarning ish bilan ta'minlanishi, o‘zaro tajriba almashishi, shuningdek mamlakatimizga xorijiy investitsiyaning jalb etilishiga yordam beradi.

Mavzuga oid