O‘zbekiston | 13:05 / 04.04.2019
5471
3 daqiqa o‘qiladi

«Sarmishsoy», «Shahrisabz», «Termiz» va «Qo‘qon» davlat muzey-qo‘riqxonalari tashkil etiladi

Foto: Advantour

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Sarmishsoy”, “Shahrisabz”, “Termiz” va “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonalari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Moddiy madaniy meros obektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 19 dekabrdagi PQ-4068-son qaroriga muvofiq Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida tegishlicha:

“Sarmishsoy” davlat muzey-qo‘riqxonasi Navoiy viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi filiali sifatida;

“Shahrisabz” davlat muzey-qo‘riqxonasi Qashqadaryo viloyati Amir Temur nomidagi moddiy-madaniyat tarixi muzeyi negizida;

“Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonasi Surxondaryo viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi negizida;

“Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi Farg‘ona viloyatidagi Qo‘qon madaniyati tarixi davlat muzeyi negizida tashkil etiladi.

“Qo‘qon”, “Shahrisabz”, “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonalari, Navoiy viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyiga ijara haqining “nol” stavkasiga asosan biriktiriladigan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari ro‘yxati tasdiqlanishi mumkin.

Belgilab qo‘yilishicha:

“Qo‘qon”, “Shahrisabz”, “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonalari, Navoiy viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi davlat muassasasi hisoblanadi;

“Qo‘qon”, “Shahrisabz”, “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonalari tegishlicha Qo‘qon madaniyati tarixi davlat muzeyi, Qashqadaryo viloyati Amir Temur nomidagi moddiy-madaniyat tarixi muzeyi, Surxondaryo viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyining barcha huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

“Qo‘qon”, “Shahrisabz”, “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonalari hamda Navoiy viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi faoliyatini moliyalashtirishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda “Qo‘qon”, “Shahrisabz”, “Termiz” va “Sarmishsoy” davlat muzey-qo‘riqxonalarini yuqori malakali, tashabbuskor, muzeylar hamda madaniy meros masalalari bo‘yicha zarur bilim va amaliy tajribaga ega kadrlar bilan to‘ldirilishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid