O‘zbekiston | 10:35 / 30.03.2021
1651
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi dorixonada janjal chiqarib, sotuvchining telefonini olib qochgan shaxs ushlandi

Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti

Toshkentda dorixonaga kirib, sotuvchining telefonini talonchilik yo‘li bilan olib qochgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Tergov departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilning 26 mart kuni 26 yoshli H.M. Uchtepa tumani 11-mavzeda joylashgan o‘ziga tegishli dorixonada savdo qilayotgan vaqtida noma'lum shaxs dorixonaga kelib, u yerda janjal chiqarib, H.M.ning qo‘lida bo‘lgan Samsung A50 rusumli telefon apparatini talonchilik yo‘li bilan tortib olgan.

Shundan keyin u dorixonadan chiqib, qochayotgan vaqtida ushbu hududda xizmat olib borayotgan IIB xodimlari tomonidan ushlangan. Uning yoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda qizil rangli izolentaga o‘ralgan oq rangli, o‘tkir hidli kukunsimon modda borligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni muqaddam bir necha marotaba sudlangan 30 yoshli A.I. sodir etganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 3-qismi «b» bandi (uy-joyga, omborxona yoki boshqa xonaga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, talonchilik sodir etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.

Mavzuga oid