Jahon | 11:21 / 11.07.2025
5334
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp: NATO Ukraina uchun AQShdan qurol sotib oladi

Donald Tramp AQSh, NATO va Ukraina o‘rtasida Kiyevni Amerika qurollari bilan ta’minlash bo‘yicha yangi kelishuv imzolanganini e’lon qildi. Respublikachiga ko‘ra, Vashington alyansga qurol sotadi, so‘ngra ular Ukraina Qurolli kuchlariga tarqatiladi.

Foto: REUTERS

Qo‘shma Shtatlar NATOga qurol sotadi, keyin esa alyans Ukrainaga uni yetkazib beradi. AQSh prezidenti Donald Tramp 10 iyul, payshanba kuni Amerikaning NBC telekanaliga bergan intervyusida shunday dedi.

Telekanal prezident bilan bo‘lgan suhbatning to‘liq yozuvini e’lon qilmagan, biroq uning bir qator iqtiboslarini taqdim etgan. «Biz NATOga qurol jo‘natamiz va NATO bu qurollar uchun 100 foiz to‘laydi. Demak, biz yuborgan qurollar NATOga ketadi, keyin esa NATO Ukrainaga o‘sha qurollarni yetkazib beradi, NATO bu qurollar uchun to‘laydi», — deyiladi ulardan birida.

NBC xabariga ko‘ra, Tramp buni AQSh, NATO va Ukraina o‘rtasida Amerika qurollarini yetkazib berish bo‘yicha yangi kelishuv deb atadi. Bu haqda Shimoliy Atlantika alyansining iyun oyida bo‘lib o‘tgan sammitida kelishuvga erishildi, dedi respublikachi.

«Biz NATOga qurol jo‘natamiz va NATO bu qurollarning to‘liq narxini qoplaydi», deb takrorladi Tramp. «Biz Patriot tizimlarini NATOga yuborishni rejalashtirmoqdamiz, keyin esa NATO ularni tarqatadi».

«Rossiyadan hafsalam pir bo‘ldi, ammo keyingi bir necha hafta ichida nima bo‘lishini ko‘ramiz», — deya qo‘shimcha qildi respublikachi NBC telekanaliga bergan intervyusida. U 14 iyul, dushanba kuni «Rossiya bo‘yicha asosiy bayonot» bilan chiqishga va’da berdi.

NATO yoki alyans vakillari Donald Trampning yangi kelishuv haqidagi so‘zlariga hozircha izoh bermadi. NATO bosh kotibi Mark Ryutte 10 iyul kuni X ijtimoiy tarmog‘ida Tramp bilan gaplashgani va «rahbarlarni Ukraina ko‘proq o‘q-dorilar va havo hujumidan mudofaa tizimlari olishini ta’minlash uchun oldinga borishga chaqirganini» yozdi.

Mavzuga oid