O‘zbekiston | 07:47 / 21.08.2024
18544
6 daqiqa o‘qiladi

Prezident va tadbirkorlar uchrashuvi: Qanday yangiliklar e’lon qilindi?

20 avgust – Tadbirkorlar kunida an’anaga ko‘ra biznes hamjamiyat bilan muloqot qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlik sub’yektlari uchun qator yangiliklarni anonsladi. Kun.uz kutilayotgan muhim o‘zgarishlarni sanab o‘tadi.

So‘nggi oylarda tadbirkorlarning e’tirozlariga sabab bo‘layotgan yuridik shaxslarning limitdan tashqari elektr va gaz iste’moli uchun tarif pasaytiriladigan bo‘ldi.

31 mayda qabul qilingan tartibga ko‘ra, limitdan ortiqcha elektr energiyasi ishlatgan yuridik shaxslar ortiqcha ishlatilgan qismi uchun 2 barobar – kilovatt-soatiga 1800 so‘mdan to‘lashga majbur bo‘layotgan edi. Ochiq muloqot chog‘ida prezident bu cheklov qisqartirilishini aytdi.

“Endi elektr va gaz iste’moli limitdan 20 foizgacha oshib ketsa ham bazaviy tarif saqlanib qoladi. Agar iste’mol 20 foizdan o‘tib ketsa, oshgan qismiga to‘lov 20 foiz qimmatlashadi. Tadbirkorlik reytingida “yuqori”, “o‘rta” toifadagi korxonalarga elektr uchun oldindan to‘lovni bir oyda ikkiga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi”, – dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev budjetdan, kreditdan va boshqalardan qarzi bor tadbirkorlarning hisobraqamiga “inkasso” qo‘yilgani uchun ular elektr, gaz va suvga to‘lov qila olmayotgani, vaholanki, ishlab chiqarish to‘xtamasa, qarzdorlik tezroq uzilishini ta’kidladi. “Endi “inkasso” bo‘lganda ham, kommunal xizmatlarga to‘lovlar to‘xtatilmaydi”, dedi u.

Davlat rahbari Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish masalasiga to‘xtalib, O‘zbekiston 2026 yilgacha tashkilotga kirish niyatida ekanini bildirdi.

“Ushbu tashkilotga kirish – chuqur o‘ylangan va uzoqni ko‘zlagan tanlov, qolaversa, islohotlarimizning ajralmas bir qismi. Lekin ayrimlar bunga shubha bilan qarayapti, boshqalar “korxonalar sinadi, import bosib ketadi” degan xavotir bilan yuribdi. Bir narsani tushunish zarur, import bojlari ishlaydi. Shuning uchun, tashkilot a’zolari bilan muzokaralar o‘tkazyapmiz.

[...] Ertangi kunimiz – bu teng raqobat muhiti va eksportga qaratilgan sanoat va savdo siyosati. Iqtisodiyotimizga oldinlari proteksiya qaysidir ma’noda kerak edi. Yana shu yo‘lda davom etsak, imkoniyatlarimiz cheklanib qoladi. Chunki, xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga kirmasak, iqtisodiy o‘sish biz kutgandek bo‘lmaydi”, – deya qayd etdi prezident.

Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, bundan buyon hech kimda alohida huquq bo‘lmaydi, xoh davlat strategik korxonasi bo‘lsin, xoh xususiy korxona yoki xorijiy investor bo‘lsin, iqtisodiyotda barcha teng sharoitda faoliyat yuritadi.

Prezidentning ma’lum qilishicha, tadbirkorlar faoliyati arzimagan kamchiliklar sabab to‘xtatib qo‘yilishiga chek qo‘yiladi. “1 noyabrga qadar aholining hayoti va sog‘lig‘iga haqiqiy xavf soluvchi mezonlar reyestri ishlab chiqiladi, reyestrda yo‘q mezon bo‘yicha tadbirkor faoliyatini to‘xtatgan mansabdor javobgarlikka tortiladi”, dedi davlat rahbari. Tadbirkorga jinoyat ishi qo‘zg‘atishga asos bo‘ladigan soliq qarzdorligi miqdori 2 barobargacha, ya’ni 200 mln so‘mgacha oshirilishi ham kutilmoqda.

Yana bir yangilik: QQS to‘lashga o‘tgan kafe va restoranlarga foyda solig‘i 2 barobarga kamaytiriladi. Ular 1 dekabrdan boshlab naqd pulga sotib olgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kirim qilishda hech qanday hujjat talab qilinmaydi. Umumiy ovqatlanish korxonalariga, mehmonxona va turoperatorlarga o‘zlari to‘lagan QQSning 20-40 foizi qismi keshbek sifatida qaytarib beriladi. Shuningdek, kafe-restoranlarga bahor-yoz oylarida o‘zlariga tutash maydonlarda stol-stul va soyabon qo‘yib ishlashga ruxsat beriladi.

Ochiq muloqotda auksiondan yer sotib olish bo‘yicha ham bir qator yangiliklar aytildi. Jumladan, tadbirkorlar auksiondan yer sotib olganda, QQS hisoblash bekor qilinadi. Yerlar qiymatini bo‘lib to‘lash, birdaniga to‘laganda esa chegirma olish imkoniyati yaratiladi. Yirik loyihalarda tadbirkor yer qiymatini ustav fondiga davlat ulushi sifatida kiritishi, keyinroq istagan paytda bu ulushni o‘zi sotib olishi mumkin bo‘ladi. Yer savdosidan tushgan mablag‘larni birinchi navbatda “snos”lar bo‘yicha tadbirkorlar oldidagi davlat qarzini so‘ndirishga sarflash reja qilingan.

Shavkat Mirziyoyev o‘tkazilgan so‘rovlarda tadbirkorlarning 38 foizi islom moliyasi asosida resurs olish istagini bildirganini ta’kidlab, Islom moliyasiga oid yangi qonun loyihasi ishlab chiqilganini aytib o‘tdi. “Bu – yangi moliyaviy xizmatlar taqdim etilishi, ko‘p investorlar kirib kelishi va 5 milliard dollarlik qo‘shimcha resurs paydo bo‘lishiga turtki beradi”, – dedi prezident.

Davlat rahbari tadbirkorlar bilan muloqotda ko‘tarilgan shu va boshqa masalalar bo‘yicha tegishli hujjatlar ishlab chiqishni tezlashtirishga topshiriq berdi.

Мадина Очилова
Muallif Мадина Очилова

Mavzuga oid