O‘zbekiston | 17:31 / 06.03.2019
55827
4 daqiqa o‘qiladi

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi modda bilan to‘ldiriladi. U Milliy gvardiyaga aloqador

Foto: Prezident matbuot xizmati

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2015–XII-sonli qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin:

quyidagi mazmundagi 194-1-modda bilan to‘ldiriladi:

«194-1-modda. Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi)ning qonuniy talablarini bajarmaslik

Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi)ning huquqbuzarlikni to‘xtatish, hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish, Milliy gvardiya bo‘linmasiga borish yoki ko‘rsatilgan muddatda Milliy gvardiya bo‘linmasida bo‘lishdan iborat qonuniy talablarini bajarmay Milliy gvardiya bo‘linmasiga kelmaslik, transport vositasini to‘xtatish, jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish haqidagi qonuniy talablarini bajarmaslik yoxud Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi)ning qonuniy talablariga boshqacha tarzda bo‘ysunmaslik –

eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, –

eng kam ish haqining ikki baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi»;

quyidagi mazmundagi 195-1-modda bilan to‘ldiriladi:

«195-1-modda. Milliy gvardiya harbiy xizmatchi (xodim)larining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish

Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi)ning o‘z vazifalarini bajarishga taalluqli qonuniy talablarini bajarmaslikka har qanday ko‘rinishda omma oldida da'vat qilish, xuddi shuningdek Milliy gvardiya harbiy xizmatchi (xodim)lariga ommaviy ravishda bo‘ysunmaslikni keltirib chiqarish maqsadida atayin soxta uydirmalarni tarqatish -

eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi».

O‘zbekiston Respublikasining 2014 yil 14 mayda qabul qilingan «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi O‘RQ–371-sonli qonuniga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritiladi:

quyidagi mazmundagi 12-1-modda bilan to‘ldiriladi:

«12-1-modda. Milliy gvardiya organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi vakolatlari

Milliy gvardiya organlari:

huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;

huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir dasturlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshiradi;

huquqbuzarliklar profilaktikasini, shu jumladan qo‘riqlash faoliyatida aniqlanadigan hamda fuqaroviy va xizmat qurollari, ularning o‘q dorilariga oid huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etadi;

huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda muassasalar bilan hamkorlik qiladi.

Milliy gvardiya organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin».

Mavzuga oid