O‘zbekiston | 16:03 / 30.10.2025
23692
2 daqiqa o‘qiladi

Finlandiya prezidenti Toshkentga UzAirways'ning odatiy reysida uchib keldi

Aleksandr Stubb 28-29 oktyabr kunlari Qozog‘istonda bo‘lib, kecha oqshom Ostonadan Toshkentga Uzbekistan Airways'ning muntazam reysida uchib keldi. Bu – Finlandiya prezidentlarining 33 yil ichida O‘zbekistonga birinchi tashrifi bo‘lmoqda.

"O‘zbekiston 24" lavhasidan kadr

Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb 29 oktyabr kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Uni Toshkent xalqaro aeroportida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va boshqa rasmiylar kutib oldi.

E’tiborlisi, fin yetakchisi Uzbekistan Airways'ning Ostona–Toshkent yo‘nalishidagi odatiy reysi (HY-722, Airbus A320)da uchib kelgan. U 28-29 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Qozog‘istonda bo‘lgan edi.

O‘zA xabariga ko‘ra, O‘zbekistonga tashrif doirasidagi oliy darajadagi muzokaralar Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston va Finlandiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi. Kun tartibidagi mavzular qatoridan mehnat migratsiyasi ham o‘rin olgan.

Aleksandr Stubbning tashrifi 4 kun (1 noyabrgacha) davom etishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, bu – Finlandiya prezidentining O‘zbekistonga 33 yil ichidagi ilk tashrifi bo‘lmoqda. Bungacha faqat bir marta: finlarning sobiq prezidenti Mauno Koyvisto uzoq 1992 yilda rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan.

Mavzuga oid