O‘zbekiston | 14:53 / 13.08.2025
10800
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda ham zapravkada portlash ro‘y berdi

Bu so‘nggi o‘ttiz kun ichida avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida ro‘y bergan shu kabi beshinchi holat.

Foto: Videodan kadr

13 avgust kuni Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanidagi propan zapravkada portlash va yong‘in ro‘y berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda avvaliga olovli portlash ro‘y bergani, keyin osmonga quyuq tutun ko‘tarilgani, atrofdagi katta yoshlilar va bolalar har tomonga qochib ketayotgani aks etgan.

FVV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, soat 12:58 da  “Oqqo‘rg‘on” MFY Jarqishloq hududida joylashgan avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasi hududida yoqilg‘i tashuvchi avtosisternadan yoqilg‘i saqlash rezervuarga yoqilg‘i to‘kish vaqtida texnologik jarayonning buzilishi natijasida chaqnash ro‘y berib, yong‘in kelib chiqqani to‘g‘risida FVBga xabar qilingan.

Shunga ko‘ra 8 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 13:07 da hodisa joyiga yetib borib, soat 13:08 da yong‘in qurshab olingan va soat 13:16 da o‘chirilgan. Hozirda hodisa sababi va zarari aniqlanmoqda.

Qayd etish kerakki, bu so‘nggi o‘ttiz kun ichida O‘zbekiston hududidagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida ro‘y bergan beshinchi favqulodda holatdir.

16 iyul kuni Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanidagi gaz to‘ldirish stansiyasi hududida yonilg‘i saqlash rezervuarida chaqnash va undan so‘ng yong‘in sodir bo‘lishi oqibatida 5 kishi vafot etgandi.

5 avgust kuni ham shu tumanda zapravka portladi. 8 avgustda esa Xorazm viloyati Urganch shahrida, 10 avgust kuni Samarqand viloyatining Jomboy tumanida zapravkada yong‘in ro‘y bergandi.

Mavzuga oid