Jahon | 00:53 / 11.02.2017
5307
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston prezidenti Oqo‘rdada iqtisodiyotni modernizatsiyalash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘z qarorgohi Oqo‘rdada iqtisodiyotning tezkor texnologik modernizatsiyasi masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, deb ma'lum qildi Tengrinews.kz nashri.

Yig‘ilishda mamlakat bosh vaziri, Milliy banki raisi, hukumat a'zolari, Ostona hokimi, milliy xolding va kompaniyalar hamda yetakchi korxonalar rahbarlari ishtirok etganlar.

Yig‘ilishda iqtisodiyotni tezkor modernizatsiyalash choralari muhokama qilingan.    

"Birinchi ustuvor vazifa – tezkor texnologik modernizatsiya. Biz yangi sanoatlar, raqamli texnologiyalarni qo‘llashni rivojlantirishimiz kerak. Mehnat unumdorligi uchun korxonalar modernizatsiyasi, avtomatlashtirish, robotlashtirish, sun'iy ong, katta ma'lumotlar va boshqa narsalar zarur. Men sizlarni biz buni qanday amalga oshirishimiz borasida suhbatlashish, fikr almashish uchun taklif qildim", deb aytgan Nazarboyev.      

Yig‘ilishda, shuningdek, raqamli texnologiyalarni qo‘llash sanoatini rivojlantirish va asosiy sohalarni texnologik qayta qurollantirish choralari majmuini ishlab chiqish masalalari ham ko‘rib chiqilgan.  

Yig‘ilish yakuniga ko‘ra Qozog‘iston prezidenti bir qator vazifalar topshirgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов

Mavzuga oid