Jamiyat | 19:07 / 27.08.2015
3487
2 daqiqa o‘qiladi

Banderas Buyuk Britaniyadagi kollej talabasiga aylandi

Aktyor va rejissyor Antonio Banderas Britaniyaning Sentral Saint Martins kolleji talabasi bo‘ldi, deb yozmoqda Vogue UK nashri aktyorning Instagram sahifasida joylashtirgan suratiga havola keltirgan holda.

Ijtimoiy tarmoqda 55 yoshli Banderas manekenlar fonida (kollejdagi o‘qish asosan moda va dizayn yo‘nalishiga ixtisoslashgan — Kun) tushgan surati joylashtirilgan.

«Sentral Saint Martins kollejidagi o‘qishning ikkinchi haftasi boshlandi. Bu bir vaqtning o‘zida ham hayajonli, ham jiddiy va ham qiziqarli», deb yozadi aktyor Instagram`dagi surat izohiga.

Yuqorida nomi keltirilgan manbada yozilishicha, Banderas anchadan buyon mazkur oliygohda ta'lim olishni rejalashtirib kelayotgandi.

«Menimcha bu dunyodagi eng zo‘r maktablardan biri. Partaga o‘tirib, o‘zimni yana yosh bolalardek his qilmoqdaman. Albatta, o‘zimning professional ishimni tashlaganim yo‘q, ammo bu butunlay yangicha yo‘nalish», deydi Banderas.

Nashrda Antonio Banderas kollejning aynan qaysi fakultetida o‘qiyotganiga aniqlik kiritib o‘tilmagan.

Sentral Saint Martins Londonda joylashgan bo‘lib, London san'at universitetining (University of the Arts London) bir qismi sanaladi. O‘qish istagida bo‘lganlar bu yerda, aktyorlik mahorati, dizayn, moda, grafika yo‘nalishlarini tanlashi mumkin bo‘ladi. Mazkur kollej dunyoning eng mashhur moda yo‘nalishidagi ta'lim dargohlaridan biri bo‘lib, bu yerda o‘z vaqtida Jon Galyano, Stella Makkartni, Aleksandr Makkuin, Zak Pozen, Rikardo Tishi kabi mashhur dizaynerlar o‘qishgan.

Ma'lumot o‘rnida ta'kidlab o‘tish joiz, Antonio Banderas shu kungacha oliy ma'lumotga ega bo‘lmagan. Yoshligida futbolchi bo‘lishni orzu qilgan Antonio keyinchalik aktyorlik maktabida tahsil olishga qaror qilgan.