Jahon | 09:54 / 28.08.2015
5246
2 daqiqa o‘qiladi

Venada musulmonlar va yahudiylar "IShID" tahdidini muhokama qilishdi

27 avgust kuni Vena shahrida radikalizm muammosi va unga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan xalqaro musulmon-yahudiy konferensiyasi ochildi. Bu haqda Rossiya yahudiy diniy tashkilotlari kongressi sayti orqali ma'lum qilindi.

Yahudiylar delegatsiyasiga Yevropa ravvinlar kengashi rahbari Pinxas Goldshmidt, musulmonlar delegatsiyasiga esa Yevropa islom tashkilotlari federatsiyasi direktori Ibrohim al-Ziyot boshchilik qilishdi.

“Bugun Yevropa esktremizm bilan bog‘liq muammolar o‘chog‘ida qoldi. Biz Yevropadagi dahshatli teraktlarni eslaymiz: Parijda “Sharli Ebdo”, Kopengagenda sinagoga, yaqinda esa Amsterdam-Parij poyezdidagi otishma. Ravvinlar va imomlar bugunning dolzarb masalalari yechimiga birgalikda yondashishi kerak. Eng jiddiy tahdid, shubhasiz, IShIDdir. Uni soatli bomba deb atash mumkin”, - dedi Goldshmidt. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqlarning xavfsizligini ta'minlashda konfessiyalararo muloqot muhim o‘rin tutadi.

Ekstremizm masalalaridan tashqari, tadbirda diniy huquqlarning ta'minlanishi masalasi ham ko‘tariladi. YeIning ayrim davlatlarida turli konfessiyalarning huquqlarini cheklovchi qonunchilik aktlari qabul qilinmoqda yoki muhokamaga qo‘yilmoqda, bu esa diniy amallarni bajarishga jiddiy to‘sqinlik qilmoqda. Bular sirasida diniy libos kiyish va diniy marosimlarni bajarish tilga olib o‘tildi.