O‘zbekiston | 13:55 / 28.12.2017
9459
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yangi davlat muzeyi tashkil etiladi

Foto: Norma.uz

Vazirlar  Mahkamasining 20.12.2017 yildagi 1003-son «O‘zbekiston amaliy san'at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi, deb yozmoqda Norma.uz. 

U Toshkent shahrida O‘zbekiston amaliy san'at muzeyi negizida tashkil etiladi. 2017–2019 yillarda muzey binosi rekonstruksiya qilinadi, shuningdek, yangi ko‘rgazma zali va ma'muriy bino qurilib, obodonlashtiriladi va jihozlanadi.
 
Ishlarga 2017–2018 yillar mobaynida «Asaka» ATB va AT «Aloqa-bank» tomonidan teng ulushlarda jami 12 mlrd so‘m miqdorda homiylik asosida mablag‘lar ajratiladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan fuqarolarning buzishga tushgan uylariga kompensatsiya to‘lanadi.
 
Muzey faoliyatining asosiy yo‘nalishlari:

• amaliy san'at va milliy hunarmandchilikning bugungi kungacha saqlanib qolgan o‘ziga xos maktablarining an'analari hamda amaliy san'at va hunarmandchilik asarlarini asrash, xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, ilmiy o‘rganish hamda kelajak avlodga yetkazish;
• xalqimizning amaliy san'at va milliy hunarmandchilik tarixi hamda boy madaniy merosini, uning insoniyat tarixidagi rolini haqqoniy yoritish;
• mamlakatimizning madaniyat, san'at va boshqa sohalarda erishilgan yutuqlarini keng targ‘ib qilishga qaratilgan muzey ekspozitsiyalarini tashkil etish;
• xalqimizning madaniy boyligi hisoblangan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini asrab-avaylash, o‘rganish, boyitib borish, namoyish etish, dunyo jamoatchiligiga tanitish va targ‘ib etish;
• noyob eksponatlarni namoyish etish orqali fuqarolarda, ayniqsa yosh avlodda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, g‘urur va iftixor tuyg‘ularini tarbiyalash va kuchaytirish;
• muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini ilmiy tadqiq qilish ishlarini amalga oshirish va ularning natijalarini e'lon qilib borish.
 
Respublika byudjyeti, pullik xizmatlardan tushadigan mablag‘lar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar muzeyni saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilandi.
 
Poytaxt hokimligi va Madaniyat vazirligiga tegishli topshiriqlar berildi, shuningdek qator tashkiliy masalalar hal etildi.
 
Hujjat 23.12.2017 yildan kuchga kirdi.  

Mavzuga oid