O‘zbekiston | 11:54 / 13.11.2015
12038
2 daqiqa o‘qiladi

Buxorodagi tuyaqush fermasi ekoturizm zonasiga aylantiriladi

Buxoro tumanida joylashgan “Murg‘ak” fermer xo‘jaligi rahbari Mubin Mahkamov o‘ziga tegishli muassasani ekoturzim zonasiga aylantirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Pravda Vostoka” nashri xabar berdi.

Ferma u yerda tuyaqush boqilishi bilan mashhurdir. Fermer xo‘jaligi 15 yil muqaddam tashkil topgan bo‘lib, o‘shanda ish bedana boqishdan boshlangan edi. Ayni paytda u yerda 5 ming dona bedana boqilmoqda. Mahkamov har yili 500-600 ming dona bedana tuxumlari va 300 kg bedana go‘shtini mahalliy iste'molchilarga yetkazib beradi.

2011 yili u toshkentlik hamkasbidan Afrika tuyaqushlari boqish ko‘nikmalarini o‘rgandi. O‘sha yili u fermaga 2 erkak, 3 urg‘ochi qush olib kelgan edi. Bugungi kunda tuyaqushlar soni 3 barobarga ko‘paydi.
“Mening yaqin istiqboldagi maqsadim qushlar sonini ko‘paytirish, fermani o‘ziga xos ekoturizm zonasiga aylantirishdir, toki Buxoro ahli va mehmonlari bu yerga kelib, nafaqat Afrika qushlari, balki kakliklar, oq tovuslar va boshqa qushlarni tomosha qila olsin”, - dedi fermer.

Bundan tashqari, bo‘lajak ekoturizm zonasi mehmonlar tuyaqush suyagi va tuxumidan yasalgan sovg‘alarni xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.