Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Darakchi” farg‘onalik hoji onaning rasmini fojyeaviy hikoyada ruxsatsiz bosib chiqardi (intervyu)
Tahririyatimizga ancha yildan beri ta'lim tizimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan pedagog Buxolida Supiyeva murojaat qilib, “Darakchi” gazetasining nojo‘ya xatti-harakatlari haqida ma'lumot berdi. Biz voqea haqida batafsilroq ma'lumot olish va keltirilgan dalillarga oydinlik kiritish maqsadida murojaat muallifi bilan suhbat uyushtirdik. E'tiboringizga ushbu suhbatni havola qilamiz.
— Buxolida opa, bizga yozgan maktubingizda “Darakchi” gazetasi onangizning rasmini fojyeaviy hikoyada ruxsatsiz bosib chiqarishgani haqida ma'lum qilgansiz. Yana bir bor bo‘lib o‘tgan voqea haqida qisqacha ma'lumot bera olasizmi?
— Kunlarning birida onam “Darakchi” ro‘znomasini o‘qib o‘tirgan edilar. Behosdan: “Voy, bolam, bu mening rasmimmi?”, - dedilar. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, haqiqatdan onamning rasmi “Darakchi” ro‘znomasining 42-son 50-sahifasidagi “Qaytib kelarmikan Ozodam mening” nomli fojyeaviy hikoyada baxtsiz ona timsoliga berilgan edi. O‘sha paytda onamning ketma-ket bergan savollari hamon quloqlarim ostida jaranglaydi: “Nimaga mening rasmimni gazetada berishadi?”, “Mening rasmimni ularga kim berdi?”, “Men baxtsiz onamanmi?”, “Otang tirik bo‘lganlarida bunday voqea bo‘lmasmidi?!”, “Mening qaysi aybim uchun rasmimni chiqarishadi?”... Xullas, harchand tinchlantirishga harakat qilsam-da, onamlarni yupata olmadim. Buning ustiga hikoya chiqqandan keyin birin-ketin qo‘ng‘iroqlar bo‘lib, bu mudhish voqea haqida qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, tanish-bilishlar onamga so‘zlashar edi. Men, hattoki, telefonni o‘chirib qo‘yishga majbur bo‘ldim. Ammo, bu voqea o‘z salbiy ta'sirini ko‘rsatib, onamning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazdi. Onamning qon bosimlari oshganligi sababli uyimizga shoshilinch tez tibbiy yordamni chaqirdik. Ularni kasalxonaga yotqizishga majbur bo‘ldik.
— Onangizning rasmini chiqarishdan oldin gazeta Sizlardan rozilik olmaganmidi? Yoki hech bo‘lmasa xabardor qilganmidi?
— Yo‘q, bu haqida gazeta bizga hech qanday xabar bermagan, rozilik ham olmagan. Jurnalistika qoidalariga va o‘zi umuman amaldagi qonunchilikka zid tarzda shaxsiy huquqlarni toptagan holda rasmni beruxsat bosib chiqarishgan.
— Ularning qo‘liga rasm qanday borib qoldi ekan? Yoki onangizning surati internetdagi boshqa biron manbada chop etilganmidi?

— Biz haligacha ham mana shu jumboqni yecha olmayapmiz. “Darakchi” onamning suratini qayerdan olganiga bugungi kungacha javob topilmadi. Onamning surati internetda yo‘q. Bu aniq. Gazetada chop etilgan rasmni men o‘zimning shaxsiy telefonimga olgan edim. Va bu rasm faqat mening telefonimda bor edi. Aniqroq aytadigan bo‘lsam, bir kuni ishdan kelsam, onam qizimga, ya'ni nabiralariga “Farhod va Shirin” dostonini o‘qib berayotganlar ekanlar. Ikkalalari ko‘zimga shunaqa chiroyli ko‘rinib ketdi-ki, havasim kelib, ularni rasmga oldim. Va o‘shandan buyon bu rasm shaxsiy telefonimda saqlanar edi. Eng yomon tomoni ham shunda, onam mendan xafa bo‘lib qoldilar. “Meni gazetaga chiqaraman deb rasmga olgan ekansan, yaxshiroq ma'noda chiqarsang bo‘lmasmidi, baxtsiz ona timsolida ham chiqarasanmi, qizim?” deydilar. Bu gaplarni qalbimga xanjarday botishini qanday so‘zlar bilan Sizlarga tushuntiray, hayronman.
— “Darakchi”ning o‘zi bilan bog‘landingizmi? Ular rasmni qayerdan olishgan ekan?
— Ha, bog‘landim. Mazkur muammo paydo bo‘lgach, men malakali huquqshunoslar bilan uchrashib, maslahatlashdim. Ularning ishtirokida “Darakchi” bilan bog‘landik. Eng qizig‘i, gazeta ham rasmni qayerdan olganini tushuntirib bera olmayapti. Biz internetdan olgan bo‘lsak kerak deyishdi faqat. Xo‘p, unda qaysi sayt, manbasini aytinglarchi, desak ko‘rsata olishmayapti. Bunaqa bo‘lishi mumkin emasku! Agar internetdan ko‘chirib olgan bo‘lsa, kompyuter xotirasida qoladi, bemalol topsa bo‘ladi.
— Buning ustiga onangizning rasmi yaxshigina montaj ham qilinibdi,shekilli?
— Yaxshigina emas, yomongina. Juda yomon! Ularning nima haqqi bor edi onamning suratlarini bunday haqoratli montaj qilishga, ayting? Yo‘q, o‘zi ruxsatsiz bosib chiqarishgani yetmaganday, yana xunukdan xunuk qilib, montaj qilishgani odamni tahqirlashdan boshqa narsa emas. Qo‘llaridagi kitobni olib tashlashgan. E'tibor bering, original rasmda qanday chiroyli, ma'rifatli hoji ona bo‘lib turibdilaru, “Darakchi”ning montajidan keyin qahrli, badbaxt bir ona timsoliga aylanganlar. Aytinglar, insonni shunchalar tahqirlash mumkinmi? Prezidentimiz “Keksalarni e'zozlash yili” deya e'lon qilib, butun yurtimizda otaxon-onaxonlarga yanada ko‘proq mehr, e'tibor ko‘rsatilayotgan bir paytda, ular mening guldek onamni shunchalik ustidan kulishiga qanday chidash mumkin? Ularni nazorat qiladigan biron organ bormi o‘zi? Yoki shunaqa istagan insonini yerga urib, istagan odamini ustidan kulib yurishiga haqqi bormi? Chiqarmoqchi bo‘lsang, kitobi bilan chiqar, nabirasi bilan chiqar. Nabiralariga ulug‘ bobokalonlarimizning “Farhod va Shirin” kabi asarlarini o‘qib beradigan, yosh avlodni ezgulikka, ma'rifatga chorlaydigan buvilar haqida yozib chiqar! Onamning 30 yil o‘qituvchi bo‘lib ishlaganini, 45 yil otam bilan bir yostiqqa bosh qo‘yib, birgalikda cho‘llarni obod qilishda ishtirok etishgani, dalada tinim bilmay mehnat qilib, farzandlarini halol rizq bilan katta qilishganini yozib chiqar! Shunaqa fojyeali hikoyada ham bosib chiqasanmi?
— O‘sha hikoya mazmuni shunchalik fojyealimidi? O‘zi nima tasvirlangandi unda?
— Hikoyada Samarqanddagi bir onaxonning hayoti tasvirlangan. U qizini turmushga beradi, lekin turmushi yaxshi chiqmaydi. Ancha payt farzand ko‘ra olmaydi. Keyinchalik farzandi og‘ir darddan vafot etadi. Onaxon esa farzand dog‘ida kuyib adoyi tamom bo‘ladi. Qanaqasiga onam farand dog‘ida kuyadilar? 4 nafar farzandning onasi, 20 nafar shirindan-shakar nabiraning sevimli buvisi bo‘lsalar. Tushungan odam bor, tushunmagan odam bor. Bu hikoyani o‘qib, unda onamning suratini ko‘rgach, telefon qilib, “Samarqandda ham qizingiz bormidi?” deb so‘raydiganlar, “Bandachilik, qizingizni berib qo‘yibsiz” deb hamdardlik bildiradigan ko‘paydi. Yuqorida aytganimdek, bunaqa gaplarga onamning asablari dosh bera olmadi, kasalxonaga yotib qoldi. O‘zi otamning vafotlaridan keyin rosa ko‘ngillari nozik bo‘lib qolgandi. Ularni ko‘ngillariga qarardik. Sal chalg‘isalar yaxshi bo‘ladi deb, Farg‘onadan Toshkentga olib kelgandim. Ammo ko‘rgulikni qarang, mana shu la'nati hikoyani deb, yomg‘irdan qochib do‘lga tutildik.
— O‘zi bu rasm bosib chiqilganiga ham ancha vaqt bo‘libdi, 1 oydan ham o‘tibdi. Nega shuncha vaqt o‘tib bizga murojaat qilyapsiz?
— Sababi yuqorida aytganimdek, men avval gazetaning o‘zi bilan bog‘landim. Masalani ularning o‘zi bilan hal qilishga harakat qildim. O‘rtada ancha payt muzokaralar olib borildi. Buning ustiga, o‘sha payti bo‘lib o‘tgan voqeani ko‘tara olmay, onam kasalxonaga tushib qoldilar. Ular bilan ovora bo‘lib qoldim. Ko‘nglimga sig‘madi.
— “Darakchi” bilan bog‘langanizda, ulardan nimani talab qildingiz va ular qanday javob berishdi?
— “Darakchi”dan 3 ta narsani so‘radim. Birinchidan, rasmni qayerdan olganliklari va nima uchun beruxsat bosishganiga izoh so‘radim. Bunga javoban aytishdiki, yaqinda tahririyatga yangi dizayner olishgani, u tajribasizlik qilib, rasmni chop etib yuborgani, ammo rasmni aynan qayerdan olganini bilishmasligi, hozir ham internetdan bu rasmni topa olishmayotganini aytishdi. Xo‘p, dizayner yangi, tajribasiz ekan, qolganlar qayoqqa qaradi? Bo‘lim muharrirlari, mas'ul muharrirlar, shu sonning navbatchisi, bosh muharrir qayoqqa qaradi? Shahar shunchalik bedarvozami? Shunchalik o‘z ishiga mas'uliyatsizmi ular? Axir ularning har bir harakati 100 minga yaqin insonning qo‘liga yetib borishini nahotki o‘ylashmasa? Axir bu katta narsa-ku! Bugun birovning rasmi chiqib ketib qolsa, ertaga boshqa narsalar ham, turli salbiy mazmundagi ma'lumotlar, rasmlar ham chiqib ketmasligiga kim kafolat beradi?
Ikkinchidan, bo‘lgan voqea haqida raddiya maqola yozib berishlarini so‘radim. Buni osmondan olganim yo‘q, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning 23-moddasida bu narsa ko‘rsatilgan va gazeta xuddi shu varoqda, xuddi shuncha hajmda raddiya berishga MAJBUR edi.
— Raddiya berishdimi?
— Yo‘q-da! Bu masalada ham gazeta ustimizdan kulishdi. Men ularga onamning original rasmini, ya'ni qo‘llarida kitob, yonlarida nabiralari bilan chop etishni, tagiga izoh sifatida bo‘lib o‘tgan voqeani bayon qilishni hamda o‘sha hikoyaga onamning daxli yo‘qligi, onam quchoq-quchoq nabiralari qurshovida baxtiyor yashayotgan hoji ona ekanligi va ularning rasmini ruxsatsiz bosishgani, montaj qilishgani uchun gazeta rasman uzr so‘rashini yozishlarini talab qildim. Ular nima qilishdi, bilasizmi? Gazetaning 44-sonida “42-sondagi ayol suratini hikoyaga aloqasi yo‘q” degan bitta gap bosib chiqarishdi. Izoh sifatida esa, men so‘ragan narsani bosib chiqa olmasliklarini, gazetaning obro‘siga ta'sir qilishi mumkinligini aytishdi. Iyye, bir parcha qog‘ozning obro‘si insonning obro‘sidan aziz bo‘ldimi hali? Rasmlarni ruxsatsiz chop etadigan gazetaning obro‘si obro‘-ku, lekin 30 yil o‘qituvchi bo‘lib ishlagan, elu yurtda hurmatga ega bo‘lgan onajonimning obro‘si sariq chaqalikmi? Bu gaplar qaysi mantiqning tarozisiga sig‘adi, ayting?!
Uchinchidan, ularning qilmishlarini jazolashning, qilgan ishidan pushaymon bo‘lib, bu noma'qul ishni boshqa qaytarmaslik, yana boshqa bir insonlarning sha'ni va qadr-qimmatini yerga urmasliklarining yagona yo‘li – moddiy jazo deb o‘yladim. Asosiy maqsadi pul topish bo‘lgan gazeta xo‘jayinlari, cho‘ntagidan pul ketsagina, ketganda ham yaxshigina pul ketsagina, sal hushyor tortadi deb o‘yladim. Shuning uchun ulardan ma'naviy zarar sifatida 50 mln. so‘m so‘radim. Lekin gazeta bosh muharririning iltimoslaridan keyin, pul so‘rash fikridan qaytdim. Chunki aytishicha, gazeta rahbariyati hamma pulni undan undirib olar ekan. Menga bir kishini jazolashning umuman keragi yo‘q edi. Mening maqsadim o‘zi umuman pul undirish emasdi. Bunaqa gazetaning pulidan hazar qilaman, rosti. Shunday qilib, men pul fikridan qaytdim. Mayli, pullaring kerakmas, faqat men aytgandek qilib, maqolani chiqarib bersanglar bo‘ldi dedim. Lekin yuqorida aytganimdek, o‘sha shartimni ham qilishdan bosh tortishdi.
— Agar “Darakchi” shartlaringizni rad qilgan bo‘lsa, unda endi qanday yo‘l tutmoqchisiz?
—Nima qilardim, qonuniy haqqimni talab qilaman. Eng malakali, shu sohada katta tajribasi bor huquqshunoslar bilan hamkorlik qilyapman. Ular bilan birgalikda “Darakchi”ning qilgan nojo‘ya xatti-harakati uchun, bizning oilamizga yetkazgan ma'naviy zararlari uchun, mualliflik huquqini qo‘pol tarzda buzishgani, onamning sha'ni, qadr-qimmatini oyoq osti qilgani, elu yurt oldida sharmanda qilgani uchun ularni sudga beramiz. Sud jarayonlarining borishi haqida OAVlarga doimiy ma'lumot berib boramiz. Toki shu gazeta (uning 1 yoki 2 nafargina xodimi emas) o‘zining tegishli jazosini olmagunicha, tinchimayman. Zero bu boshqa gazetalarga ham, umuman boshqa ommaviy axborot vositalariga ham dars bo‘lishi kerak. OAV vakillari har bir so‘zining, har bir harakatining mas'uliyatini his qilishi kerak, insonning shaxsiy huquq va manfaatlarini, qadr-qimmatini hurmat qilishga, mualliflik huquqiga qat'iy rioya qilishga o‘rganishi kerak. Asosiysi shahar bedarvoza emasligini tushunishsa bo‘ldi.
— Buxolida opa, savollarimizga batafsil javob berganingiz uchun katta rahmat. Voqealar rivoji haqida bizni xabardor qilib borasiz, degan umiddamiz.