O‘zbekiston | 20:02 / 05.01.2016
5384
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston mahsulotlar uchun ekologik xavfsizlik belgisini joriy etadi

O‘zbekiston tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mamlakat bozorlaridagi mahsulotlarning ekologik ekspertizadan o‘tkazilishi va ekologik markirovka qilinishini ko‘zda tutuvchi qaror loyihasini e'lon qildi.

Qo‘mita vakillarining fikricha, O‘zbekistonda ekologik xavfsizlik belgisining joriy etilishi atrof-muhitga imkon qadar zarar bermaydigan mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojni orttiradi.

Markirovka va ekspertiza ishlab chiqaruvchi yoki distribyutorning tashabbusiga ko‘ra ixtiyoriy ravishda o‘tkaziladi.

Tekshiriladigan mahsulot uch kategoriyaga ajratiladi. Birinchi guruh tovarlariga ekobelgi O‘zbekistonda o‘tkazilgan ekologik sertifikatsiya natijalariga ko‘ra, ikkinchi guruh tovarlariga murojaat qiluvchi taqdim etgan ekologik xavfsizlik talablariga muvofiqlik deklaratsiyasi asosida, uchinchi guruh tovarlariga esa mahsulotning butun hayot silsilasi bosqichlaridagi ekologik xavfsizlik tavsiflari haqidagi axborot asosida beriladi.

Ekobelgi taqdim etilgani haqidagi guvohnoma ishlab chiqaruvchiga 60 kun ichida beriladi. U kategoriyasiga qarab 2-3 yil muddat amal qiladi.

Qo‘mita vakillarining ishonishicha, maxsus ekobelgilarning paydo bo‘lishi O‘zbekistonga The Global Ecolabelling Network global tarmog‘iga 46-a'zo sifatida qo‘shilish imkoniyatini beradi.