19:08 / 08.01.2016
42618

Kun.uz cayti Abdumo‘min O‘tbosarovni xotirlab eng yaqin hamkasblari bilan suhbat uyushtirdi

Abdumo‘min O‘tbosarov 1960 yilning 24 aprelida Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1986 yilda O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetini tamomladi. Ish faoliyatini esa 1981 yildan Adabiy dramatik ko‘rsatuvlar bosh muharririyatida ma'mur sifatida boshlagan. 1985 yildan amaliyotchi suxandon bo‘lib ishlagan. Shu kuyi 3-,2-,1-, va nihoyat oliy toifali diktorlikkacha ko‘tarilgan.

Abdumo‘min O‘tbosarov “Topgan gul” nomli hajviy she'rlar to‘plamini nashr ettirgan. “Begona bahor”, “Hayot-mamot” singari 7-8 filmda rollar ijro etgan. Uzoq yillik mehnatlari munosib taqdirlanib, 2014 yilda O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma uch yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” unvoni bilan taqdirlandi.

31 dekabr kuni televideniye orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yangi yil tabrigini o‘qib eshittirgan Abdumo‘min O‘tbosarovning salomatligi kutilmaganda yomonlashib, yurak xuruji sababli hayotdan ko‘z yumdi. Kun.uz sayti xalqning qalbidan chuqur joy olgan ushbu inson xotirasini yod olish, muxlislarga u kishining insoniy fazilatlari, efir, sahna ortidagi hayoti to‘g‘risida qisqacha ma'lumot berish maqsadida Abdumo‘min O‘tbosarov bilan uzoq yillar yelkadosh bo‘lgan, hayotning yengil-og‘ir lahzalarini birgalikda o‘tkazgan yaqin do‘stlari, hamkasblari va shogirdlari bilan videointervyuni tashkil etdi. Quyida mazkur intervyuning qisqa matnini o‘qish bilan bir qatorda, maxsus tayyorlangan videolarni tomosha qilishingiz mumkin.

Muslimbek Yo‘ldoshev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi:

Abdumo‘min O‘tbosarov teleekran, sahnalar ortida qanday inson edi, degan savolga mendan ham aniqroq javob beradigan odam bo‘lmasa kerak. Aslida odamzod, erkak kishi, haqiqiy yigit qanday bo‘lishi kerak, degan savolga ko‘p jihatdan Abdumo‘minning turmush tarzi, hayotiy prinsiplari, qilgan amallarini misol keltirib, uni namuna sifatida ko‘rsatsa bo‘ladi. Hozirgi 70-80 foiz yigitlarimizga nima yetishmayapti? Yetishmayotgan narsa, menimcha, so‘zga vafo qilish. Abdumo‘min hech qachon bir narsani qilmasa gapirmas edi, agar gapirsa, qilmasdan qo‘ymasdi. So‘zga amal qiladigan yigit edi.

Abdumo‘min 80- yillarning boshlarida menga ro‘baru bo‘lgan bo‘lsa, to o‘sha kundan oxirgi o‘tgan joyigacha tinim bilgani yo‘q. U bir kun ham tinim bilmadi, ish joyida, ish vaqtida dunyodan ko‘z yumdi. Bunday mehnatkash insonni ko‘rgan emasman. Aralashmagan, qiziqmagan sohasi yo‘q edi va erinmasdi. Shu menga og‘ir, demasdi. Respublikaning qaysi joyiga ishga yuborilmasin, qanday sharoit bo‘lishidan qat'i nazar, shu ishni qilib kelardi. 
Dunyoda baxtli inson bo‘lishni istasangiz, Muslimbek Yo‘ldoshevga o‘xshagan inson bo‘lib ko‘ring. Abdumo‘min O‘tbosarovdek do‘stingiz bor ekan, demak siz ham baxtiyorsiz. O‘lsa kuyishga arziydigan, yig‘lasangiz ko‘z yoshingizga arziydigan... 30 yildan ortiq vaqt mobaynidan Abdumo‘min bilan do‘st bo‘lib, uni yo‘qotgandan keyin haqiqiy do‘stlikning qanday ekani, uning kuchi, zalvorini shu yoshga kirib endi tushunib yetgandirman... Oxirati obod bo‘lsin...

Tas-x tizimida ko‘rish uchun havola.

Shuhrat Qayumov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:

Ilk bor efirga chiqqan vaqtlarimda bir marta efirga chiqib ikki og‘iz gapirsam, ikki yuz og‘iz gap eshitardim. Ya'ni, uni bunday qilsang yaxshi, buni unday o‘qisang yaxshiroq bo‘ladi, qabilidagi gaplarni ko‘p eshitar edim. Abdumo‘min aka biror marta efirimga befarq bo‘lmagan. Qachonlardir yoshlik qilib, nega menga ko‘p gapiradi, nima ishi bor, degan o‘y xayolimdan o‘tgan bo‘lishi mumkin. Lekin bugun juda minnatdorligimni Abdumo‘min akaning o‘zlariga ham aytib ulgurganman. 
Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, deyishadi. Balki qachondir qadriga yetmagandirmiz, qachondir hollaridan xabar olmagandirmiz. Abdumo‘min aka juda dilbar suhbatli inson edilar. Bugun mana, yo‘qliklarida sezib turibman, to‘ylarimda yonimda turdilar, onam vafotida yonimda turdilar. Doim suyansa bo‘ladigan do‘st edilar...
Ikki o‘g‘lini uylab-joylashga ulgurmasdan ketdilar. Hayotdan umidlari katta edi. Ammo umr shu yerga kelib to‘xtashi kerak ekan. To‘xtaganda ham ish ustida, xalqqa quvonchli xabarni yetkazish mas'uliyati ustida ahvollari og‘irlashib qolgan.

 

Tas-x tizimida ko‘rish uchun havola.

Dildora Rustamova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi:

Abdumo‘min aka haqida o‘tgan zamonda gapirayotganimizga odamning ishongisi kelmaydi. U kishi tartib-intizomni nihoyatda yaxshi ko‘rar edilar. Barcha ishda tartib bo‘lishini xohlardi. Ishga mas'uliyat bilan yondashar edilar. O‘zlari mas'uliyatli, tartibli bo‘lgani uchun shogirdlaridan ham shuni talab qilar edilar. Hech qachon hech yerga kech qolmaganlar. Biror joyga borishga to‘g‘ri kelsa, bir ikki daqiqa zaxirasi bilan o‘z vaqtida yetib kelar edi.

Abdumo‘min aka hammamizni dog‘da qoldirib ketdilar. Hali qiladigan ishlari ko‘p edi. Birgalikda ko‘p ishlarni olib borishimiz kerak edi. Ilohim ruhlari shod bo‘lsin. Har doim Abdumo‘min akaning xotirasini qalbimizda saqlaymiz...

Tas-x tizimida ko‘rish uchun havola.

Abdumo‘min O‘tbosarovning hayoti suratlarda

 

Reportajni suratga tushirish uchun maydon taqdim etgan “Zarqaynar” supermarketi ma'muriyatiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz

Top