O‘zbekiston | 15:59 / 21.04.2020
38587
2 daqiqa o‘qiladi

«Tangem» 3 million dollarlik serialni O‘zbekistonga hadya qildi

O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi turizm brendi elchisi, mashhur «Saroy javohiri» teleserialidagi Tangem roli ijrochisi Li Yong E o‘zi ishtirokidagi yangi serialni O‘zbekistonga hadya qildi.

Foto: "Saroy javohiri" serialidan kadr

Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning ma'lum qilishicha, mamlakatimizning Janubiy Koreyadagi elchixonasida taniqli aktrisa Li Yong E hamda «Group Eight» kompaniyasi raisi Byong Jun Song bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan.

Unda aktrisa koronavirus pandemiyasi tufayli aprel oyida O‘zbekistonga kela olmasligini afsus bilan qayd etib, vaziyat yaxshilanganidan so‘ng, prodyuser Byong Jun Song bilan albatta mamlakatimizga tashrif buyurishini ma'lum qilgan. 

Li Yong E O‘zbekiston xalqiga o‘zi bosh rolni ijro etgan «Saimdan, rang-barang xotiralar» nomli 3 million dollarlik teleserialni beminnat hadya qilgan. Hozirda Milliy teleradiokompaniya filmni tarjima va dublyaj qilishga doir ishlarni olib bormoqda. Bu jarayonlar yakuniga yetganidan so‘ng, serial tomoshabinlar e'tiboriga havola etiladi.

Ma'lumot uchun: «Saimdan, rang-barang xotiralar» Janubiy Koreyaning 30 seriyali dramasi bo‘lib, koreyalik mashhur musavvir, xattot va shoir ayol Shin Saimdan (1504-1551) hayoti va faoliyati haqida hikoya qiladi. Janubiy Koreyaning 50 ming von qiymatli eng yirik banknotasida uning tasviri aks ettirilgan. Bu serial 2017 yilda Janubiy Koreyaning «SBS» telekanalida efirga uzatilgan.

Mavzuga oid