Jahon | 16:56 / 15.01.2016
3520
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya KXDRni mamlakat hududiga tashviqot varaqalarini tashlashda aybladi

Koreya Respublikasi politsiyasi juma kuni Seulga yaqin hududlarda Shimoliy Koreya tashviqot materiallarini topdi. Bu haqda TASS agentligi xabar bermoqda.

“Kyongido viloyatining Koyan shahri atrofida ikkita plastik qop topildi, har birida 10 mingtadan varaqa va soat mexanizmlari bor ekan”, - deyiladi viloyat politsiya boshqarmasi xabarnomasida.

Aytilishicha, shunga o‘xshagan qoplardagi varaqalar Seulda hamda Kyongido viloyatining boshqa hududlarida 13 yanvardan buyon topilib kelmoqda.

Ta'kidlanishicha, Shimoliy Koreya harbiylari bunday materiallarni maxsus geliy to‘ldirilgan havo sharlarida yo‘llaydi. Ma'lum muddat o‘tib, soat mexanizmi ishlab ketib, qopni ochib yuboradi, va uning ichidagi varaqalar odamlar boshidan sochilib ketadi.

Politsiya qo‘lidagi oxirgi ma'lumotlarga qaraganda, KXDR Janubga 20ta mana shunday qopni o‘tkazishga erishgan. Bunga javob tariqasida Seul qo‘shnisining chegarasi yaqinida yana 4 karnay yo‘llab, propagandani kuchaytirishni rejalashtirmoqda.