O‘zbekiston | 17:59 / 20.11.2025
4248
3 daqiqa o‘qiladi

Turizm bo‘yicha qaror: Vizasiz rejim amal qiladigan davlatlar soni ko‘paytiriladi

O‘zbekistonga kirish uchun vizasiz rejim amal qiladigan davlatlar ro‘yxati kengaytiriladi. Chet elliklarga O‘zbekistonga kirayotgan payti turistik eSIM olish taklif etiladi, chiqishda esa QQSni naqd shaklda ham qaytarib olish imkoniyati yaratiladi. Turizm qo‘mitasining xorijdagi vakolatxonalari ochilib, targetli reklamani o‘z ichiga oluvchi marketing strategiyasi ishlab chiqiladi.

Foto: Kun.uz

Prezident qarori bilan, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi tashkil etildi.

Qo‘mita – Ekologiya vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasining huquq va majburiyatlari bo‘yicha vorisi hisoblanadi.

Milliy turistik mahsulotlarni jahonda ommalashtirish maqsadida, Turizm qo‘mitasining xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari tashkil etiladi.

Shuningdek, qo‘mita raisining milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi kiritiladi. U “Milliy PR-markazi” davlat muassasasi va vakolatxonalar faoliyatini muvofiqlashtiradi, milliy turizm marketingi uchun mas’ul bo‘ladi.

Farmon bilan, Turizm qo‘mitasiga (boshqa vazirlik-idoralar bilan birgalikda) quyidagi masalalarda takliflar va tegishli hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi:

  • O‘zbekistonga kirish uchun vizasiz rejim joriy etiladigan davlatlar ro‘yxatini kengaytirish;
  • O‘zbekistonga kirish va uning hududida bo‘lish bilan bog‘liq tartib-taomillarni soddalashtirish;
  • respublikaning turizm-transport logistikasini rivojlantirish;
  • turizm sohasini 2040 yilgacha rivojlantirish strategiyasi;
  • 2030 yilgacha mo‘ljallangan turistik xizmatlar bozorlarida marketing strategiyasi (targetlangan reklamani keng joriy etishni nazarda tutadi).

2026 yil 1 fevraldan boshlab, chet el fuqarolari O‘zbekistondan chiqib ketishda xarid qilingan tovarlar uchun to‘langan QQSni naqd pul shaklida ham qaytarib olishi mumkin bo‘ladi.

2026 yil 1 iyuldan boshlab, xorijiy turistlarning roziligi asosida Davlat chegarasini kesib o‘tishda yig‘iladigan ma’lumotlarni integratsiya qilgan holda turistik elektron SIM-karta bilan ulash va vaqtincha bo‘lish joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish proaktiv shaklda amalga oshiriladi.

Quyidagilar 2030 yilgacha turizm sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib belgilandi:

  • turizm sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini amaldagi 3,5 foizdan 7 foizgacha yetkazish;
  • chet ellik turistlarning yillik sonini amaldagi 10 mln nafardan 20 mln nafargacha yetkazish, shu jumladan, to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lgan turistlar oqimini ko‘paytirish;
  • turizm xizmatlari yillik eksporti hajmini 6 mlrd AQSh dollaridan oshirish;
  • O‘zbekistonning turistik shaharlari o‘rtasidagi transport bog‘lanishini yaxshilash, ichki aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish hamda yo‘lga sarflanadigan vaqtni kamida 3 baravarga qisqartirish;
  • 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar sonini 2 baravarga oshirish;
  • turistik xizmatlar va mahsulotlarni diversifikatsiya qilish orqali respublikaning turistik salohiyatini to‘liq ishga solish;
  • jahonda keng taniladigan O‘zbekistonning turistik brendini yaratish va milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish uchun yangi instrumentlarni joriy etish.

Mavzuga oid