O‘zbekiston | 13:50 / 24.02.2017
48790
2 daqiqa o‘qiladi

Madaniyat vazirligi hamda Sport qo‘mitasining yangi rahbariyati tanishtirildi

24 fevral kuni Madaniyat vazirligida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Madaniyat va sport ishlari vazirligi o‘rnida tashkil qilingan Madaniyat vazirligi hamda Sport qo‘mitasiga tayinlangan rahbarlar ma'lum qilindi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatayotgan Muratov Maxmud Mo‘minovich Madaniyat vaziri etib tayinlandi.

M.Muratov - 1970 yildan Respublika bolalar musiqa tarbiya internat o‘qituvchiligidan mehnat faoliyatini boshlagan. So‘ngra Madaniyat ishlari vazirligi Maxsus tadbirlar va konkurslar bo‘limi mudiri, Musiqa tashkilotlari boshqarmasi boshlig‘i, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi rahbari, Madaniyat ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari, Toshkent davlat musiqali komediya (operetta) teatri direktori, 2015 yildan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Olimpiya shon-shuhrati muzeyi direktori Qurbonov Rustam Javdatovich Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasiga rais etib tayinlandi.

R.Qurbonov –  mehnat faoliyati davomida bir qator rahbar lavozimlarda xizmat qilgan. Jumladan,  Toshkent shahar hokimining ijtimoiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, Bektemir tumani hokimi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti, "O‘zbekturizm” kompaniyasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vaziri lavozimi, 2009 yildan boshlab Olimpiya shon-shuhrati muzeyi direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Madaniyat vazirligi markaziy devoni tuzilmasida vazir, birinchi o‘rinbosar va ikki nafar vazir o‘rinbosari o‘rin egallaydi.

Davlat sport qo‘mitasi markaziy devonida esa rais, birinchi o‘rinbosar va ikki nafar rais o‘rinbosari faoliyat olib boradi, ulardan biri O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi direktori hisoblanadi.

Mavzuga oid