Fan-texnika | 11:43 / 11.10.2024
3031
2 daqiqa o‘qiladi

Tesla taqdimotida Mask o‘zi yuradigan mikroavtobus hamda Optimus robotlarining yangi avlodini ko‘rsatdi

20 kishi sig‘adigan mikrovatobusda pedal va rul bo‘lmaydi.

Ilon Mask Kaliforniyadagi Warner Bros studiyasida o‘tkazilgan taqdimotda Cybercab haydovchisiz taksilarini namoyish etgani xabar qilingandi. Tadbirda Robovan – mikroavtobus ko‘rinishidagi futuristik transport vositasi hamda takomillashtirilgan Optimus robotlar ham tanishtirildi.

Haydovchisiz harakatlanadigan mikroavtous (robovan) haqida batafsil ma’lumot berilmagan bo‘lsa-da, ko‘rinishidan unda robotaksilar singari pedal va rul yo‘q. Transport oppoq o‘rindiqlardan iborat, xolos.

Taqdimot chog‘ida sahnaga kirib kelgan Robovan’dan 20 ga yaqin odam tushdi, bu uning sig‘imini ko‘rsatadi.

“Bu robot avtobus ana shunday ko‘rinishda ishlab chiqariladi”, — dedi Mask.

Shundan so‘ng Ilon Mask Optimus robotining takomillashtirilgan versiyasini namoyish etdi. Aniqrog‘i, bir nechta robotlar taqdimotda ishtirok etgan odamlar oldidan yurib o‘tdi. Tadbir davomida robotlar odamlar bilan turli pozalarda suratga tushdi, esdalik sovg‘alarni tarqatdi va barmen vazifasini bajardi.

«Optimus — sizning shaxsiy R2D2/C3PO kabi, lekin undan ham yaxshiroq robot hisoblanadi. U sanoat sharoitlarida jismoniy mehnatni ham tubdan o‘zgartiradi», — deyiladi Tesla bayonotida.

Taqdimotdagi videorolikda ko‘rsatilishicha, Optimus uy yig‘ishtirish, gullarga suv quyish, stol o‘yinlarini o‘ynash va ovqat tayyorlash singari ishlarni bajara oladi.

Mikroavtobus va robotlarning sotuvga chiqarilishi sanasi hozircha noma’lum.

Mavzuga oid