O‘zbekiston | 15:48 / 24.07.2023
3357
3 daqiqa o‘qiladi

Almaz Tower’da qurilish nega to‘xtadi? Yangi majmuadan reportaj

Bugun Toshkent qurilishlar maydoniga aylanib qoldi. Odamlarning uy-joyga bo‘lgan talabi ko‘pligi yangi qurilayotgan uylarning poydevori qurilmasdan turib to‘lov qilib, yana yillab kutishga ham majbur qilmoqda. Shu sababdan quruvchi kompaniyalar va aholi orasida turli nizolar chiqishi ko‘payib bormoqda. Poytaxtning Yashnobod tumanidagi Almaz Tower majmuasi xaridorlari bilan ham shunday holat yuz bergani aytildi.

Xo‘sh, majmua qurilishi nima sabab to‘xtatildi?

Majmua qurilishi ish boshqaruvchisi Yusuf Qosimoxunovning aytishicha, qurilish jarayoni joriy yilning aprel oyida rasman boshlangan. Oradan 2 oycha vaqt o‘tgach, obektga tutash bo‘lgan hovlilar egalari Prezident portaliga, Hududiy nazorat inspeksiyasiga, tuman prokuraturasi va hokimiyatga shikoyat arizalari qilishgan. Buning ortidan Toshkent shahar bosh arxitekturasi tomonidan berilgan ijobiy xulosa bekor qilindi – ya’ni uy qurilishi to‘xtatildi:

«Shundan keyin biz ham bu arizaga nisbatan shikoyat arizasi berdik. Oliy sud 13 iyunda shikoyatimizni ko‘rib chiqib, bizning foydamizga qaror chiqardi. Shundan bir oy o‘tib, qaror rasman kuchga kirishi bilan 14 iyuldan ish jarayonlari boshlandi. Kechikishga asosiy sabab shu aholidan tushgan shikoyatlar bo‘ldi. Hozirda hech qanday to‘siq yo‘q, qurilish davom etyapti. Uy sotib olganlar xotirjam bo‘lishlari mumkin.

Qurilishning bir oy to‘xtab qolishi majmua topshirilishi kechikishiga sabab bo‘lmaydi deb o‘ylaymiz. Chunki endi biz ishlarni yanada jadal olib boramiz. Qurilish ishlarida cho‘zilishlar, kamchiliklar bo‘lib qolishi ehtimollari bor. Agar shunday holat yuzaga kelsa, biz hamkorlarimizni og‘zaki va yozma tarzda ogohlantiramiz», - deydi kompaniya ish boshqaruvchi. Bu haqida kompaniyaning rasmiy bayonotida ham ma’lumot berilgan.

Ayni paytda binoning «A» bloki qurilishi beshinchi qavatga kelgan, «B», «V», «G» bloklarda uchinchi qavat qurilyapti. Orada bir oy muddatda qurilish to‘xtagunga qadar majmuada 150 nafar quruvchilar faoliyat olib borgan.

Yuzaga kelgan holat xaridorlarda qanday munosabatni yuzaga keltirgani haqida ularning fikrlari bilan qiziqdik.

«Bu qurilish kompaniyasidan 2021 yilda boshqa obektdagi binodan uy olgandim. Bu obektdan ham bir nechta uy oldik aka-ukalar bilan. Aprel oyida boshlangandi. Bir yarim oycha oldin telefon qilib ma’lum sabablarga ko‘ra qurilish to‘xtatilganini aytishdi. Ko‘nglim xotirjam edi, o‘ylaganim yo‘q. Aka-ukalarimga ham aytib qo‘ydim. Mana, hozir hammasi joyida, qurilish davom etyapti», - deydi Almaz Tower’dan uy olish uchun to‘lov qilgan Rustam Aliyorov.

Reklama