Jamiyat | 09:42 / 23.07.2020
60400
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada taksi haydovchisi o‘zini osmoqchi bo‘ldi. Viloyat IIB hodisa bo‘yicha rasmiy ma'lumot berdi

Milliy gvardiya xodimlari tomonidan fuqaro Yu.N.ning xatti-harakatlari to‘xtatib qolingan.

Farg‘ona viloyatida aholini ogohlantirmay stikerlar bekor qilingani va taksi haydovchilariga ruxsati bo‘lsa ham taksi haydash man etilgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

Turli ma'lumotlarda aytilishicha, mashinalar jarima maydoniga olib ketilmoqda. Natijada, daromad manbaidan ayrilgan bir taksi haydovchisi o‘zini osishgacha borgan. 

JK-EkDilN2tZl9wVy8VoRxxBsqswcLYS.jpg (810×812)

O‘z navbatida, Farg‘ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati ushbu xabarlar yuzasidan rasmiy izoh berdi.

Izohda aytilishicha, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan 2020 yil 10 iyuldan 2020 yil 1 avgustga qadar respublika miqyosida avtotransport vositalarining harakati cheklangan.

Maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishga faqatgina kunning muayyan vaqtida (07.00 dan - 10.00 gacha, 17.00 dan - 20.00 gacha) fuqarolarning ish joyiga borib-kelishi, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun harakatlanishiga ruxsat beriladi. 

“Joriy yil 22 iyul kuni soat 16:10da Farg‘ona shahri va Toshloq tumanlari chegarasida tashkil etilgan karantin postida xizmat olib borayotgan viloyat IIB YHXB xodimi Sh.A Toshloq tumanidan Farg‘onaga qarab, harakatlanib kelayotgan toshloqlik fuqaro Yu.N boshqaruvidagi Lassetti rusumli avtomashinani to‘xtatib, haydovchidan avtomobilning karantin vaqtida harakatlanishi uchun berilgan ruxsatnomani talab qilgan. Haydovchi esa hech qanday ruxsatnoma taqdim qila olmagan. 

Natijada, avtomashina vaqtinchalik jarima maydoniga olib kelinib, Farg‘ona shahar Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik markazi xodimlari tomonidan fuqaro Yu.N.ga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi 2-qismiga asosan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. 

Fuqaro Yu.N qoidabuzarligi uchun qonunchilikda belgilangan jarima summasini to‘lashdan bo‘yin tovlash maqsadida jarima maydonidagi daraxtga o‘zini osmoqchi bo‘lgan. Milliy gvardiya xodimlari tomonidan fuqaro Yu.N.ning xatti-harakatlari to‘xtatib qolingan”, - deyiladi viloyat IIB izohida.

Shuningdek, ma'lum qilinishicha, 2020 yil 21 iyul kuni koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bo‘yicha viloyat idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtabi tomonidan qabul qilingan bayonga asosan tuman, shahar hokimliklari, viloyat boshqarma va tashkilotlari tomonidan avtotransport vositalarini harakatlanishi uchun joriy etilgan barcha turdagi ruxsatnomalar, ro‘yxatlar, ma'lumotnomalar va stikerlar (Davlat xizmatlari agentligi tomonidan berilgan stikerlar bundan mustasno) 2020 yil 22 iyul kunidan bekor qilindi.

“Shunday bo‘lsa-da, viloyat IIB YHXB xodimlari tomonidan 22 iyul kuni ham haydovchilarga ushbu bayon mazmuni tushuntirilib, faqatgina ogohlantirish ishlari olib borildi. Hurmatli fuqarolar! Karantin qoidalariga qat'iy amal qiling", - deyiladi xabarda.

Mavzuga oid