O‘zbekiston | 14:26 / 25.06.2021
6091
4 daqiqa o‘qiladi

Bojxona qoidalari: Madaniy boyliklarni chegaradan olib o‘tish tartibi

O‘zbekiston noyob me'morchilik, tarixiy va madaniy boyliklari, osori-atiqalarga boy. Shunga ko‘ra, bunday boyliklarni mamlakat hududidan olib chiqish va olib kirish amaliyoti ham tartibga solingan.

Umuman, qanday buyumlar madaniy boyliklar deb baholanadi? Necha yillik buyumlar madaniy boyliklar sirasiga kiradi? Ularni O‘zbekiston chegarasi orqali olib o‘tish tartibi qanday?

«Bojxona qoidalari» ko‘rsatuvining navbatdagi sonida yuqoridagi savollarga javob beriladi.

Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona nazoratini tashkil etish boshqarmasi katta inspektori Mehroj Vahobov shu kabi masalalarga oydinlik kiritadi.

Madaniy boyliklarni olib chiqish tartibi

O‘zbekistonga madaniy boyliklarni olib kirish va mamlakatdan olib chiqish bevosita respublika a'zo bo‘lgan xalqaro konvensiyalar va imzolagan shartnomalar, shuningdek, O‘zbekiston hukumati tomonidan tasdiqlangan qarorlar va Nizom asosida tartibga solinadi.

Bunda, jismoniy shaxslar tomonidan madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi bevosita Madaniyat vazirligi va uning hududiy boshqarmalari ekspertiza guruhlari xulosasi asosida berilgan sertifikat, ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.

Ruxsatnoma madaniy boylik olib chiqilishi yoki olib kirilishidan oldin berilgan bo‘lishi darkor.

Qanday buyumlar madaniy boyliklar hisoblanadi?

Ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan har qanday buyumlar, xususan, qimmatbaho qo‘lyozmalar, haykaltaroshlik namunalari, rasmlar, har qanday turdagi musiqa va cholg‘u asboblari, tarixiy tangalar madaniy boyliklar sirasiga kiradi.

50 yildan ortiq bo‘lgan ayrim turdagi madaniy boyliklarni O‘zbekiston hududidan tashqariga olib chiqish taqiqlanadi.

Shu bilan birga, madaniy boyliklar yuridik shaxslar tomonidan ham respublika hududidan Madaniyat vazirligi ruxsatnomasi asosida olib chiqilishi mumkin.

Madaniy boyliklarni muzeylar yoki ko‘rgazmalarga vaqtinchalik olib chiqishga ham xuddi shuningdek, Madaniyat vazirligi ruxsatnomasi bo‘lsagina, ruxsat beriladi.

Bojxona nazoratini tashkil etish boshqarmasi katta inspektori Mehroj Vahobov

Ruxsatnomalar muddati qancha?

Ruxsatnomalarning amal qilish muddati 3 oy. Shu muddat ichida respublika hududidan vaqtincha olib chiqilgan madaniy boyliklar qaytarib olib kirilishi kerak.

Kimlar mas'ul?

«Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 5-moddasiga asosan, madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.

Bunda, Madaniyat vazirligi ruxsatnoma beruvchi idora bo‘lsa, Bojxona qo‘mitasi nazorat qiluvchi organ hisoblanadi. Nazorat qilish vaqtincha olib chiqilayotgan madaniy boyliklarni bojxona yuk deklaratsiyalash orqali amalga oshiriladi.

Vaqtincha olib chiqilgan madaniy boyliklar qaytarilmasa-chi?

Agarda, 3 oy muddatga vaqtincha xorijga olib chiqilgan madaniy boyliklar o‘z vaqtida yoki umuman qaytarilmasa, yoxud boshqasiga almashtirib qo‘yilsa, ushbu boyliklarni olib chiqqan shaxslarga nisbatan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, choralar ko‘riladi va belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Madaniy boyliklarni kimlar olib kira oladi?

Har qanday shaxs, O‘zbekiston rezidenti, norezidenti madaniy boyliklarni O‘zbekiston hududiga olib kirishga haqli. Bu – Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida amalga oshiriladi.

Madaniy boyliklarni respublika hududiga olib kirish hisobi, ularga chegara bojxona postida urilgan muhrlar va shtamplar vositasida yuritiladi. Olib kirilgan madaniy boyliklar olib chiqilishida ushbu muhrlarga alohida e'tibor qaratiladi.

Mavzuga oid