Jamiyat | 10:58 / 10.10.2025
7026
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda ham bog‘cha bolalari ommaviy zaharlandi

Forish tumanidagi 4 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasining 37 nafar tarbiyalanuvchisi isitma ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi va holsizlik kabi shikoyatlar bilan shifoxonaga murojaat qilgan. Ular 8 oktyabr kuni bog‘chada kefir, pishloq va sariyog‘ kabi mahsulotlar iste’mol qilgani aniqlangan. 

Foto: Kun.uz 

Jizzax viloyatining Forish tumanida ham bog‘cha bolalari ommaviy zaharlandi. Tuman hokimligi holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, kecha, 9 oktyabr kuni soat 9:00 lardan 16:00 ga qadar bo‘lgan vaqt davomida Forish tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 1-, 3-, 5- va 7-sonli davlat bog‘chalarining 37 nafar tarbiyalanuvchisi tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan. 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan ushbu bolalar isitma ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi, qorin og‘rig‘i, ich ketish va holsizlikdan shikoyat qilgan.

Shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan epidemiologik surishtiruv davomida bolalar 8 oktyabr kuni maktabgacha ta’lim muassasalarida biokefir, pishloq va sariyog‘ kabi mahsulotlar iste’mol qilgani aniqlangan. Ularga anamnez va birinchi tekshiruvlar asosida “o‘tkir diareya” tashxisi qo‘yilib, statsionar ravishda tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Jizzax viloyati Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, mazkur bog‘chalarda ommaviy zaharlanish yuzaga kelishida oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, saqlash, ishlov berish jarayonlaridagi sanitariya qoida va normalarining buzilishi sabab bo‘lgan. 

Holat yuzasidan Forish tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Oldinroq Toshkent viloyatida qariyb 2 ming bola zaharlanish gumoni bilan tekshiruvdan o‘tkazilgan hamda ulardan 963 nafariga o‘tkir gastroenterit tashxisi qo‘yilgan edi. Bu ish ortidan 7 kishi qamoqqa olingandi.

Mavzuga oid