O‘zbekiston | 14:13 / 27.03.2021
88040
13 daqiqa o‘qiladi

Orol dengizi qurishiga yadroviy portlash sabab bo‘lganmi?

Bundan 2 yil avval “Orol dengizi suvi Kaspiyga oqib ketganmi?” sarlavhasi ostida maqolam chiqqan edi. Unda Orolning “ko‘z”lari, sobiq dengizda odamlar guvoh bo‘lgan girdoblar haqida so‘z yuritilgan va shu girdoblar orqali Orolning suvi boshqa tomonga, ya'ni Kaspiy dengiziga oqib ketgan bo‘lishi mumkinligi haqida xalq orasidagi taxminiy gaplar bayon qilingan.

Mazkur maqoladan keyin Nukusda bir o‘rtog‘im qo‘ng‘iroq qilib, 1968 yilda chiqqan “Jyetkinshek” gazetasining qaysidir sonini suratga tushirib menga tashladi. Ana xolos, bu maqolada ham Oroldagi girdob haqida so‘z borgan. Guvohlar esa Nukusda istiqomat qilgan kishilar. Ularning tasvirlashicha, xuddi tubi teshilgan chelakdan suv ketgani kabi dengizning suvi ham girdoblanib, katta miqdordagi suv yer qa'riga ketib turgan.

Girdobni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan kishilar hozir ham bor. Nukus davlat pedagogika institutining tarix fani o‘qituvchisi Ong‘arbay Yusupov shunday eslaydi:

“1970–1975 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi arxeologiya sektori tomonidan Janubiy-Sharqiy Ustyurtda keng ko‘lamli arxeologik ishlar olib borildi. Bu arxeologik ekspeditsiya ishlarida men ham ishtirok etdim. Ustyurtda ko‘p sir-sinoatlarga duch kelib turdik. Shulardan meni juda qattiq dahshatga solgani Orol dengizi suvlarining qanday qilib yer qa'riga ketayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganim bo‘ldi. Bu 1975 yil edi. Mashhur arxeolog Vadim Yagodin boshchiligidagi ekspeditsiya Ustyurtning sharqiy chinkida (tik jarlik), ya'ni Duvona burnida qadimiy ko‘chmanchilar davriga oid esdaliklarni qaziyotgandik. Qazishma ishlari Nukusdan 500, Mo‘ynoqdan 300 km olisda olib borilayotgandi. Tsivilizatsiyadan uzoqda edik. Asosiy ozuqamiz, albatta, Orolning baliqlari bo‘ldi. Sababi biz ishlayotgan joy Ustyurtning sharqiy chegarasi bo‘lib, o‘ng tomonimizda, nari borsa 300 metrda bepoyon va buyuk Orol to‘lib-toshar edi. Orolda baliq ko‘p.

Bir kuni ikki kishi bo‘lib tog‘dan (Ustyurtdan) pastga, ya'ni dengizga tushib borardik. Ne ko‘z bilan ko‘raylikki, chinkka yaqin joyda dengiz suvi girdoblanib katta miqdordagi suv yer ostiga ketayotgandi. Dahshatdan qotib qoldik. Girdob shunday kuchli ediki, biz qo‘rqib, yuqoriga o‘rmalash payiga tushdik».

Kaspiy bilan Orol yer ostidan bog‘langanmi?

Xalq orasida Orol dengizi bilan Kaspiyning o‘rtasida yer osti kanali bor, Orolning suvi Kaspiyga oqib ketdi, degan gaplar shu paytlarda tarqalgan, lekin ularning ilmiy isboti yo‘q edi. Moskvalik marhum olim, geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi Boris Golubovning “Anomalnyy pod'yom urovnya Kaspiyskogo morya i katastroficheskoye obmeleniye Aralskogo morya kak rezultat drenirovaniya Arala pod plato Ustyurt i v Kaspiy vsledstviye texnogennyx vozmushcheniy nedr” nomli maqolasi esa xalqning bu gaplarni bejiz aytmaganini isbotlagandek, go‘yo.

Olim ushbu maqolasida quyidagicha xulosa yasagan: 1) Orol va Kaspiy dengizlari yer ostidan bir-biri bilan bog‘langan. Ikki dengizning suvlari Ustyurt platosi ostidagi karst bo‘shliqlari uzra tutashgan; 2) Ikki dengizning yer ostidan bog‘lanishiga Ustyurtda amalga oshirilgan yer osti yadroviy portlashlar sabab bo‘lgan. Bu portlashlar Orol suvining Ustyurt platosi ostida drenajlanishiga olib kelgan, shuningdek, Amudaryo va Sirdaryoning Orolga quyar qismi filtratsiyalanib, daryo suvlarining tortilib ketishiga ham sabab bo‘lgan; 3) 1969 yildan keyingi Orol suvi Kaspiyga shiddat bilan tashlangan, 1995 yilgacha Orolning suvi tezlik bilan pasayib borgan, Kaspiy suvlari esa aksincha ko‘payib borgan. Yer ostidan ketgan bu suvlar asosan Ustyurt platosining o‘rta miotsenli qatlamlarida karst bo‘shliqlari orqali yuzaga kelgan bo‘lishi ehtimol.

Ustyurtda yadroviy portlashlar amalga oshirilganmi?

Ha, Ustyurtda, ya'ni platoning Qozog‘iston qismida Manqishloq viloyatiga qarashli Akotti, Mulkaman va Kindikti degan joylarida 9 marotaba yadroviy portlash amalga oshirilgan. Ulardan yiriklari: 30 kilotonnalik kuchga ega bomba 1969 yil 6 dekabr kuni 410 m chuqurlikda, ikkinchi 80 kilotonnaligi 1970 yil 12 dekabrda 740 m chuqurlikda va uchinchi 75 kilotonnaligi esa 1970 yil 23 dekabrida 500 m chuqurlikda portlatilgan.

Ushbu sinovlardan maqsad yer ostidan chuchuk suv ko‘zlarini ochish, suv zaxirasini yaratish bo‘lgan. Shu paytlarda AQShning Nevada shtatida ham xuddi shunday sinovlar amalga oshirilgandi. Sobiq ittifoq ham qudratini namoyish qilish uchun Ustyurtda yasalma chuqurliklar hosil qilishga urindi.

Ammo sinovlar muvaffaqiyatsizlik bilan tugadi. Birinchidan, sinov paytida halokat yuz berib, radiatsiya yer yuziga chiqib ketdi. Hududda xavflilik darajasi hamon saqlanib qolgani aytiladi. Ikkinchidan, portlash paytida kuchli silkinishlar yer plitasini o‘rnidan qo‘zg‘ab, oqibatida Orol va Kaspiyning o‘rtasida yer osti koridorini paydo qilgan va Orol dengizi Kaspiydan 60–70 metr balandlikda bo‘lgani bois, suv quyiga qarab ketib qolgan.

Sinovlar darhol to‘xtatilgan

Yadroviy sinovlardan keyin dengiz suvining shiddat bilan pasayishi kuzatilgan, masalan, 1961–63 yillarda dengiz sathi 18–25 sm pasaygan bo‘lsa, 1969 yilda 15 sm.gacha bir ko‘tarilib olib, keyingi yillarida 70–100 sm.gacha bo‘y tashlab borgan. Kaspiy dengizi esa 1977 yildan keyin 18 yil davomida tinmay, yiliga 32–40 sm.ga ko‘tarilib boraveradi. 1995 yilga kelibgina vaziyat biroz o‘z iziga tushgan.

Kaspiydan qo‘yib yuborilgan baliq Oroldan chiqqan

Orol bilan Kaspiyning o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha yana bir afsona xalq orasida yuribdi.

O‘tgan asrning 30-yillarida olimlar Kaspiy dengizida bakrabaliq urchitish uchun ularga belgi qo‘yib (sirg‘a taqib) suvga qo‘yib yuboradi. Shu sirg‘a taqilgan bakrabaliqlar Orol dengizidan chiqqan. Yer sathining biri baland nuqtasida, biri pastida joylashgan ikki dengizning o‘rtasida aloqa mavjudligini tekshirish uchun bo‘yoq oqizib ko‘riladi. Taajjubki, Oroldan yuborilgan bo‘yoq Kaspiyda ko‘rinadi. Olimlar bu sirni ochmoqchi bo‘lganda ikkinchi jahon urushi boshlanib ketib, boshlangan ishlar qolib ketadi.

Aytishlaricha, Stalinning buyrug‘i bilan 1940- va 1960-yillarda ikki dengiz o‘rtasida sirli qurilish amalga oshirilgan emish. Yer osti qurilishlarida urushda asirga tushgan va o‘limga mahkum etilganlar ishlagan. Asirlikdan ovuliga qochib kelgan bittasi shu sirni e'lon qiladi.

 Bu qanchalik haqiqatga yaqinligi noma'lum-u, ammo Stalin Kaspiy dengizi suvlarini quritib, neft sanoatini ulg‘aytirish istagida bo‘lganligi aniq.

Stalin vaqtidagi KGB boshlig‘i Ivan Serovning “Zapiski iz chemodana” memuarida ta'kidlanishicha, Stalinning olimlar-u mulozimlarga topshirig‘i shunday bo‘lgan: “Volgani Qozog‘iston dashtlariga olib boring, Kura daryosini to‘g‘onlang va Kaspiy dengiziga quyilmasligi uchun boshqa daryolarni, suv ko‘zlarini nima qilish kerakligini o‘ylab ko‘ring!”

Ma'lumki, bu loyihaning juda katta qimmatga tushishi Stalinning fikridan qaytishiga sabab bo‘lgan.

Mana shu yerda Kaspiyga quyilishi mumkin bo‘lgan suvlarning biri Orol dengizi suvlari edi. Demak, bu haqda avval ham ma'lum bo‘lgan bo‘lishi mumkinmi? 1825-26 yillarda Orol va Kaspiyga ekspeditsiya qilgan F.Bergning yo‘qotilib yuborilgan hisobotlarida shu haqda ma'lumotlar qayd etilgandir, balki. Ehtimol, shu topshiriq ortidan Orolning yer ostidagi ko‘zini boylash uchun qandaydir sirli qurilishlar olib borilgandir.

Orolning qurishi haqidagi nazariya qanchalik haqiqat?

Orol dengizining qurishiga suvning noto‘g‘ri sarflanishi va demografik omillar sabab qilib ko‘rsatiladi. Boris Golubov bu nazariyaga shubha bilan qaraydi.

“Orol dengizining qurishiga ushbu ko‘l havzasidagi sug‘oriladigan yer maydonining nihoyatda kengayishi sabab bo‘lgani aytiladi, ammo bu jiddiy shubha uyg‘otadi, – deydi olim. –Masalan, 1940 yildan 1960 yilgacha Amudaryo va Sirdaryodan suvni sun'iy ravishda tortib olish (umumiy oqimi yiliga 127 kub km) 52,3 kubometrdan 63,89 kubometrgacha o‘sdi, ammo bu Orol dengizi sathiga hech ta'sir ko‘rsatmadi. 1911 yildan 1960 yilgacha dengiz sathi +54 metr bo‘ldi. 1950 yilda SSSR hukumati Amudaryo va Sirdaryodagi suv zaxiralarini hisobga olib, sug‘oriladigan yerlarni kengaytirishga qaror qildi. Ammo hisob-kitoblar bo‘yicha bu Orol dengizining sathiga sezilarli ta'sir ko‘rsatmasligi kerak edi va shunday bo‘ldi ham. 1960-yillargacha melioratsiya rejalari hech qanday ofatga aylanmadi.

Bari hisob-kitobdagidek aniq ketayotgan edi. To‘satdan 1970-yillarga kelib Orolga quyiladigan suv yiliga 42 kub km.gacha kamayib ketdi, dengiz sathi esa 10 yilda 2 metrgacha quladi. Bu dengizdagi suv balansining iqlimiy hisob-kitobini o‘zgartirish kerakligini taqozo qildi. 1980 yildagi xulosaga ko‘ra, 1985 yilga kelib Orolga yer usti suvlarining kelib quyilishi yiliga 15 kub km.ga kamayishi, dengiz sathi esa +46ga tushishi hisoblangan edi. Aslida, dengiz sathi pasayishi ancha sezilarli bo‘ldi: 1983 yilda Orol dengizi sathi kutilganidan 1,2 metr past bo‘ldi. Vaziyatni baholashdagi klimatologik usullar o‘zini oqlamadi. Shunday bo‘lsa ham Orol ofatchiligini sug‘oriladigan yerlarning haddan tashqari kengaytirilishida, deb qat'iy ishonildi. Ofatchilikning oldini olish uchun Irtish va Ob daryolarini janubga burish tashabbuslari ko‘tarildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, sug‘oriladigan yerlarning maksimal ruxsat etilgan maydoni 8 million gektar bo‘lsa ham Orol dengizi uchun bu sezilarli ta'sir ko‘rsatmasligi kerak edi. Ammo, 1961 yilga kelib sug‘oriladigan yerlar 6 million gektarga yaqin edi. “Xavfsizlik zaxirasi”ga hali 2 million gektar bor edi”.

Shunday qilib, olimning fikricha, Orol dengizi sathining keskin pasayishiga sabab sug‘oriladigan yer maydonining haddan tashqari kengayishida emas, balki yana bir narsada: Amudaryo va Sirdaryoning dengizga yaqinlagan joyida qandaydir suv oqimini ushlab turadigan mexanizmlar ishlay boshlagan. Bu yadroviy portlash orqali yuzaga kelgan “qopqon” bo‘lishi mumkin.

Orol dengizi sayozlashgan davrlarda Xitoyda Lobnor yopiq ko‘li sathida ham 14 foizga pasayish yuz berdi. Negaki, bu ko‘l yonida ham yadroviy sinov amalga oshirilgan.

Orol muammosi haqida qisqacha

  • 1913 yilda Orol dengizi suvi bilan sug‘oriladigan yer maydoni 3,2 mln gektar bo‘lgan bo‘lsa, 1985 yilga kelib bu ko‘rsatkich 6,9 mln gektarga yetdi.
  • Turli ehtiyojlar uchun Orol dengizidan sarflanadigan suv 1960-yillarda 63 km kub, 1980 yilda esa 95 km kubni tashkil etgan.
  • XX asr davomida Orolbo‘yi hududlarida, Markaziy Osiyo va qisman Afg‘oniston aholisi soni 14 mln.dan 65 mln.gacha keskin ortdi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi maqsadlarida yerning sho‘rini yuvishga ham katta miqdorda suv sarflangan.

Orol dengizining qurib borishi natijasida bir qator salbiy holatlar yuzaga keldi. Orol hududida paydo bo‘lgan zaharli tuz uyumlarining zarralari Pomir tog‘lari, Antarktida sohillari, Grenlandiya muzliklari, Norvegiya o‘rmonlarigacha yetib bormoqda. Yovvoyi o‘simliklar va hayvonot dunyosi qirilib ketmoqda. Orolbo‘yi hududida lokal iqlim keskin o‘zgarishlarga uchradi. Ichimlik suvi tanqisligi, xavfli kasalliklar tarqalishi, yashash sharoitlari og‘irlashuvi natijasida Orolbo‘yi hududidan aholi migratsiyasi ko‘paydi.

Yesimxon Qanoatov, “Ishonch” muxbiri.

Mavzuga oid