Jamiyat | 17:38 / 01.01.2025
18369
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi yilning dastlabki 17 soatida 1040 nafar chaqaloq tug‘ildi

Eng ko‘p tug‘ilish Farg‘ona viloyatida, eng kami Navoiy viloyatida qayd etilgan. Tug‘ilganlar orasida yetti egizak bor.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘zbekistonda 2025 yil 1 yanvar soat 17:00 holatiga ko‘ra jami 1040 nafar chaqaloq dunyoga keldi, deb xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Ularning 492 nafari o‘g‘il, 548 nafari qiz.

Eng ko‘p tug‘ilish Farg‘ona viloyatida (154 nafar) qayd etilgan.

Shuningdek, hududlar kesimida keyingi o‘rinlarni:

– Qashqadaryo viloyati (119 nafar),

– Toshkent shahri (112 nafar),

– Samarqand viloyati (101 nafar),

– Surxondaryo viloyati (89 nafar) band etgan.

Eng kam tug‘ilish esa Navoiy viloyati (18 nafar) hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Tug‘ilganlar orasida 7 egizak (jami 15 nafar bola) bor, ya’ni 12 nafari ikki homilalik, 3 nafari esa uch homilalik egizakdir.

«Dam olish kunlarida qator tibbiyot muassasalari bilan birga, tug‘uruq komplekslarida ham tibbiyot xodimlari ishlamoqda. Jumladan, bayram kunlari respublika bo‘ylab 6192 nafar akusher-ginekolog, neonatolog, doya hamda hamshiralar navbatchilik asosida aholiga xizmat ko‘rsatmoqda», — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2020 yilning birinchi kunidagi shu davrda jami 1111 nafar, 2021 yilda — 1086 nafar, 2022 yilda — 1448 nafar, 2023 yilda — 1312 nafar, 2024 yilda — 1043 nafar chaqaloq dunyoga kelgan edi.

Mavzuga oid