Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya front yaqinidagi posyolkaga aviabomba tashladi, bu yerda aholi pensiya olishga yig‘ilgandi
20 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.
Rossiya Donetsk oblastida joylashgan Yarovaya posyolkasiga aviabomba tashladi, deb xabar berdi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 9 sentabr kuni. Ukraina politsiyasi va prokuraturasidan ma’lum qilishlaricha, bu soat 11 atrofida, posyolka aholisi «Ukrposhta» pochta aloqasi operatorining mobil punkti yonida pensiya olishga yig‘ilganida ro‘y bergan.
«Rossiyaning Donetsk oblastidagi Yarovaya posyolkasiga aviabomba bilan vahshiylarcha zarbasi. To‘g‘ri odamlar ustiga. Oddiy fuqarolar ustiga. Pensiya berilayotgan paytda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 20 nafardan oshgan. Ortiqcha so‘zga hojat yo‘q», – dedi Zelenskiy.
- Yarovaya – Donetsk oblastining Kramatorsk rayonidagi Liman shahar obshchinasi tarkibidagi posyolkadir. 2022 yil boshidagi ma’lumotlarga ko‘ra, posyolkada 1840 kishi yashagan. Posyolka front chizig‘idan sakkiz kilometr masofada, oblastda ukrainlar nazoratida qolayotgan so‘nggi yirik shaharlardan biri Slovyanskdan 40 km shimolda joylashgan. Rasmiylar avgust oyida posyolkadan bolali oilalar majburan evakuatsiya qilinishini e’lon qilgandi.
Zelenskiy e’lon qilgan videoyozuvda qurbonlarning jasadlari hamda «Ukrposhta»ning zarbaga uchragan avtomobili ko‘ringan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, «qurbonlar orasida – mahalliy pensionerlar hamda „Ukrposhta“ ekipaji a’zolari bor».
Ukraina Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha xizmatining so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, 24 kishi halok bo‘lib, 19 kishi yaralangan.
«Ukrposhta» hodisaga izohida «Rossiya o‘lim keltirishda davom etayotgani»ni qayd etgan. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, Yarovayada haydovchi va pochta bo‘limi boshlig‘i zarba ostida qolgan, ular omon qolgan. Pochta xodimi kasalxonaga yotqizildi, deb xabar berdi «Ukrposhta» bosh direktori Igor Smelyanskiy.
Havo hujumidan so‘ng «Ukrposhta» rahbari front yaqinidagi hududda pensiya to‘lash tartibini o‘zgartirishga va’da berdi. «Urush boshlanganidan beri biz doimiy ravishda xavfsizlik tartibini o‘zgartirib kelamiz, videoda ko‘rinib turganidek, mashina daraxtlar ostida turgandi, bu esa uni payqash xavfini kamaytirardi. Ammo kimdir koordinatalarni yetkazgan ko‘rinadi», – dedi kompaniya bosh direktori.
Volodimir Zelenskiy jahon hamjamiyatidan voqeaga munosabat bildirishni so‘radi.
Rossiyaning bunday zarbalari dunyoning munosib reaksiyasisiz qolmasligi aniq. Rossiyaliklar odamlarni o‘ldirishda davom etmoqda, ammo yangi kuchli sanksiyalar, yangi kuchli zarbalardan qutulib qolmoqda. Dunyo jim turmasligi kerak. Dunyo harakatsiz qolmasligi kerak. Qo‘shma Shtatlarning reaksiyasi kerak. Yevropaning reaksiyasi kerak. Yigirmatalikning reaksiyasi kerak. Rossiya o‘lim olib kelishni to‘xtatishi uchun kuchli harakatlar kerak.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak Rossiya tinch aholini qo‘rqitish uchun «fuqarolar bilan ongli ravishda urush olib borayotgani»ni aytdi. «Terrorchilar butun bir davlat shaklini olishi mumkinligini yana bir bor isbotlaydigan katta fojia. Rossiya davlati – terrorchilik tuzilmasi», – dedi Yermak.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Rossiyaning havo hujumini «varvarlik» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qat’iy javob choralari bo‘lishini kutmoqda: «Rossiyalik jinoyatchilar bu va boshqa vahshiyliklar uchun sud oldida javob berishlari kerak».
«Rossiya propagandasi Rossiya Donetsk oblastidagi odamlarni „qutqarayotganini“ da’vo qilmoqda, biroq aslida u pensiya olish uchun kelgan odamlar ustiga ulkan aviatsiya bombalarini tashlamoqda. Rossiya faqat o‘lim, dahshat va vayronagarchilik keltiradi», – dedi Sibiga.
«Ruslar pensiya tarqatish chog‘ida odamlarga hujum qildi. Bu harbiy harakat emas – bu g‘irt terrorizm», – deya yozgan telegram-kanalida Donetsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Vadim Filashkin va aholini Ukrainaning nisbatan xavfsiz hududlariga ketishga chaqirgan.
Ukraina ombudsmani Dmitro Lubinets «Rossiya behayo va shafqatsiz havo hujumi uyushtirgani»ni aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu zarba «Ukrainaning tinch aholisiga qarshi tizimli terrorning yana bir tasdig‘i bo‘lib, xalqaro hamjamiyatning qat’iy munosabati va aybdorlarni muqarrar jazolashni talab qiladi».
Donetsk oblasti prokuraturasi urush qonunlari va urf-odatlarini buzish moddasi (Ukraina Jinoyat kodeksining 438-moddasi 2-qismi) bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv boshladi. «Rossiya Federatsiyasining hech bir harbiy jinoyati va uning ijrochilari jazosiz qolmaydi», – deyiladi Ukraina bosh prokurori idorasi bayonotida.
Rossiyalik harbiylar zarba yuzasidan izoh bermadi. Bir kun avval Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z hisobotida posyolkani tilga olib, Yarovaya va Yampol aholi punktlari hududlarida «Ukraina Qurolli kuchlarining uchta mexanizatsiyalashgan brigadasi» va Ukraina Milliy gvardiyasi jonli kuchlariga berilgan zarbalar haqida ma’lum qilgandi.
Mavzuga oid
11:48
RFning Zaporijjyaga zarbalari: turar joylar shikastlandi, yaralanganlar bor
10:55
RFda Putin figuralari sabab haykaltarosh Tilli ishi bo‘yicha sud belgilandi
09:12
Rim papasi Rossiyani Rojdestvoda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi
08:42