O‘zbekiston | 21:00 / 19.10.2018
6514
3 daqiqa o‘qiladi

Bojxona xizmatiga ishga kiritishni va'da qilgan firibgarning boshqa qilmishlari ham fosh bo‘ldi

Ishga kirish istagini bildirgan har bir nomzod bojxona organlarining tegishli xizmatlar mas'ul xodimlari bilan kollegial tarzda komissiya suhbatidan o‘tkazilmoqda. Ammo bojxona organlariga aloqasi bo‘lmagan firibgarlar mo‘may daromad orttirish maqsadida bojxona organlariga ishga olib kiraman, degan va'dalar bilan ba'zi ishonuvchan yurtdoshlarimizni chuv tushirishga harakat qilmoqdalar, deb xabar qilmoqda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati.

Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent shahar bojxona boshkarmasi O‘z xavfsizlik guruhi xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ana shunday firibgar kimsalarning qing‘ir qilmishlariga chek qo‘yildi.

Ular  poytaxt hududida bojxona organlariga ishga kiritib qo‘yishni va'da qilib, fuqarolardan aldov yo‘li bilan pul mablag‘larini o‘zlashtirishga urinishgani ma'lum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, fuqarolar G.I. va D.S. o‘zaro til biriktirgan holda fuqaro S.N.ga o‘zlarini bojxona idoralarining mas'ul xodimlari deb tanishtirishgan hamda Toshkent shahar bojxona boshqarmasiga haydovchi lavozimiga ishga kiritib qo‘yishni va'da qilib, evaziga 500 AQSh dollari so‘rashadi. Tezkor tadbir davomida fuqaro D.S. so‘ralgan pulning 300 AQSh dollarini fuqaro S.N.dan pora tariqasida olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Tezkor-surishtiruv tadbirlari davomida fuqaro G.I o‘zini go‘yoki huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning mas'ul xodimi sifatida tanishtirib, boshqa fuqarolarni ham aldab, turli va'dalar evaziga ularning pul mablag‘larini o‘zlashtirib kelganligi ma'lum bo‘ldi.

Jumladan, uy olib berish uchun fuqaro N.X.dan 120 mln. so‘m, avtomashina olib berish uchun fuqaro S.A.dan 3100 AQSh dollari, fuqaro S.N.dan 2800 AQSh dollari, fuqaro D.A.dan salkam 7 mln. so‘m, ijaraga avtomashina olib berish uchun fuqaro U.A.dan 100 AQSh dollari olganligi aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan  O‘zbekiston Respublikasi  Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

“Agar Siz davlat bojxona xizmati organlariga ishga kirish va hujjatlar topshirish jarayonida bojxona xodimlarining yoki boshqa shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlariga duch kelsangiz, Davlat bojxona qo‘mitasining 11-08 qisqa ishonch telefoni orqali murojaat qilishingiz mumkin”, - deyiladi xabarda.

Mavzuga oid