O‘zbekiston | 22:08 / 31.01.2022
6042
3 daqiqa o‘qiladi

9 mln xorijiy sayyoh, Toshkentning qayta tiklanadigan 12 darvozasi - turizm sohasidagi rejalar belgilandi

2022 yil davomida O‘zbekiston sayohat uchun xavfsiz mamlakat deb e’lon qilinadi, yangi sayyohlik zonalari va muzeylar tashkil qilinadi, Buxorodagi Arkning 100 yil oldin vayron qilingan qismi qayta tiklanadi.

Foto: Kun.uz

“2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi prezident farmoni imzolandi.

Strategiyada 2026 yilgacha mahalliy sayyohlar sonini 12 mln nafardan oshirish va xorijiy sayyohlarni 9 mlnga yetkazish reja qilingan. O‘zbekistonga kelgan xorijiy sayyohlar 2021 yilning yanvar-sentyabr oylarida 1,2 millionni tashkil qilgandi.

Bundan tashqari, farmonda, 2022 yilda mamlakatni sayohat uchun xavfsiz mamlakat sifatida e’lon qilish, qo‘shni davlatlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘laydigan turistik avtobuslar va temiryo‘l qatnovini tashkillashtirish, chegara o‘tkazish punktlarida sayyohlar uchun qisqa muddatda o‘tish tizimini joriy qilish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, hujjatda madaniy meros obektlarining holati bo‘yicha toifaga bo‘lib aniqlash va har yili restavratsiya, konservatsiya, 3D panjara bilan o‘raladigan obektlarni belgilash ko‘zda tutilgan.

Farmonda 2022 yilda respublikada sayyohlik zonalarni ko‘paytirish, yangi muzeylar tashkil qilish belgilangan. Jumladan:

— Zomin, Forish, Baxmal tumanlari va “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimida qo‘shimcha turistik zonalar va dam olish maskanlarini barpo etish, Samarqandni “Turizm darvozasi”ga aylantirish;

— Urganchdagi Pahlavon Mahmud va Xivadagi Alleya hududlarida “Turizm ko‘chasi” barpo etish, Arab Muhammadxon madrasasidagi 56 mingta eksponat, nodir topilma va buyumlarni saqlash va namoyish qilish uchun, yangi muzey, Xiva shahrida YuNeSKO ko‘magida restavratsiya maktabini tashkil etish;

— “Ark qo‘rg‘oni”ning bundan 100 yil oldin vayron qilingan qismlarini qayta tiklash, Buxoro shahrida Arxeologiya institutining filiali, Buxoro davlat universitetida alohida kafedra tashkil etish, Buxoro shahrida eng zamonaviy jihozlangan tarix muzeyini tashkil etish;

— Navoiyda Mavlono Orif Deggaroniy nomi bilan ataladigan me’moriy majmuani restavratsiya qilish hamda uni sayyohlik marshrutiga kiritish; Nurota tumanida “Sentob” turizm qishlog‘ini tashkil qilish ma’lum qilingan.

Bundan tashqari, farmonda 2026 yilgacha Toshkent shahrining qadimiy 12 ta darvozalarini tarixiy ko‘rinishlari asosida bosqichma-bosqich qayta tiklash, darvozalarga olib boruvchi yo‘l va boshqa infratuzilmalarni yaxshilash va 2022 yilning o‘zida 2 ta darvozani tiklash belgilangan.

Mavzuga oid