Jamiyat | 17:22 / 24.02.2026
5184
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onadagi bog‘chalarda o‘nlab bolalar zaharlanishi yuzasidan jinoyat ishi ochildi

Farg‘ona viloyati IIB uchta bog‘chaning 62 nafar tarbiyalanuvchisi zaharlangani bo‘yicha jinoyat ishi ochilganini ma’lum qildi. Hozirda vaziyat prokuratura va boshqa idoralar bilan birgalikda o‘rganilmoqda.

Foto: Kun.uz

Farg‘ona shahridagi davlat bog‘chalarida bolalarning ommaviy zaharlanishi yuz berganligi holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi.

21 fevral kuni shahardagi 2, 58 va 61-sonli davlat bog‘chalarining 62 nafar tarbiyalanuvchisi o‘tkir diareya tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Ularda bemorlarda qorin sohasida og‘riq, ich ketishi, haroratni ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi kabi sog‘lig‘ida salbiy holatlar kuzatilgan.

IIBga ko‘ra, bu borada navbatchilik qismiga ham xabar kelib tushgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257−1-moddasi (Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Xozirda vaziyat Farg‘ona viloyati prokuraturasi, IIB hamda boshqa mutasaddi idoralarning ma’sullari tomonidan o‘rganilmoqda. Barcha tegishli turdagi ekspertizalar tayinlangan holda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Avvalroq Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Surayyo Rahmonova ushbu vaziyat nazoratga olinganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ombudsmanning mintaqaviy vakili voqea joyiga yetib borgan, hozirda tergovga qadar tekshiruv doirasida hujjatlar tahlili va o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Bolalar ombudsmani bunday holatlar tizimli xarakterga ega ekani, bolalar ovqatlanishida qat’iy sifat nazoratini o‘rnatish va yetkazib beruvchilarning javobgarligini kuchaytirish zarurligi haqida gapirdi.

«Bola huquqlari bo‘yicha vakilning ushbu masala yuzasidan pozitsiyasi shundan iboratki, bolalarning ommaviy ovqatlanish tizimida bu kabi holatlarning oldini olish uchun ovqatlanish xavfsizligi standartlariga rioya etilishi ustidan qat’iy va alohida sifat nazoratini o‘rnatish zarur. Gap bolalarimiz salomatligi va mohiyat e’tibori bilan millat genofondining sog‘lomligi haqida ketmoqda», – deb ta’kidlagan Surayyo Rahmonova.

Bolalar ombudsmani bolalarning ommaviy ovqatlanish tizimida taomlar sifati ustidan nazoratni kuchaytirish hamda sifatsiz mahsulot yetkazib beruvchilarning javobgarligini oshirish, hattoki ularning keyingi faoliyatiga cheklovlar qo‘yish zarurligini qayd etgan. Tahlil materiallari tegishli idoralarga yuborilgan bo‘lib, tekshiruv yakunlari bo‘yicha ishlar davom ettirilishi ma’lum qilingan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid