Sport | 21:03 / 25.08.2025
2325
3 daqiqa o‘qiladi

Milliy futbol axborot tizimi yaratiladi

2026 yil 1 aprelgacha sport maktablaridagi futbol o‘quv mashg‘ulotlarini onlayn kuzatish, futbolchilar seleksiyasi va ularning tibbiy va jismoniy ko‘rsatkichlarini monitoring qilish imkonini beruvchi maxsus dastur va mobil ilova ishga tushirilishi kerak.

Foto: O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi

O‘zbekistonda “Milliy futbol elektron platformasi” nomli axborot tizimi ishlab chiqiladi.

21 avgustda imzolangan prezident qaroriga ko‘ra, platforma doirasida quyidagilar qamrab olinadi:

  • FIFA talablariga muvofiq stadionlardagi audio va videotasvirlarni bir nuqtaga uzatish orqali futbol uchrashuvlarida video yordamchi hakam (VAR) tizimini yanada kengaytirish;
  • futbol akademiya va maktablari, shu jumladan, futbol seksiyalari mavjud sport maktablari o‘quv mashg‘ulotlarini onlayn nazorat qilish, futbolchilarning tibbiy va jismoniy ko‘rsatkichlarini monitoring qilish hamda shaffof seleksiya tizimini joriy qilish;
  • sohada amalga oshiriladigan loyihalarning konsepsiyalari, texnik-iqtisodiy parametrlari va boshqa loyiha (loyihaoldi) hujjatlarini ishlab chiqish hamda belgilangan tartibda vakolatli organlarda ekspertizadan o‘tkazish;
  • futbol akademiya va maktablari, shu jumladan, futbol seksiyalari mavjud sport maktablarida xodim, trener va futbolchilar davomatini yuritish, videokonferensaloqa tizimini tashkil etish.

2026 yil 1 yanvardan boshlab:

  • futbol akademiya va maktablari, shu jumladan, futbol seksiyalari mavjud sport maktablari bosqichma-bosqich “Milliy futbol elektron platformasi”ga ulanadi;
  • tajriba-sinov tariqasida futbol akademiya va maktablarining o‘quv mashg‘ulotlarini onlayn kuzatish, futbolchilar seleksiyasi hamda tibbiy va jismoniy ko‘rsatkichlarini monitoring qilish “Milliy futbol elektron platformasi” orqali amalga oshiriladi.

Futbol akademiya va maktablari 2026 yil 1 martga qadar O‘zbekiston futbolini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan shaxsni biometrik identifikatsiya qilish imkoniyatiga ega planshetlar bilan ta’minlanadi.

2026 yil 1 aprelga qadar futbol akademiya va maktablari, shu jumladan, futbol seksiyalari mavjud sport maktablarida o‘quv mashg‘ulotlarini onlayn kuzatish, futbolchilar seleksiyasi hamda ularning tibbiy va jismoniy ko‘rsatkichlarini monitoring qilish imkonini beruvchi maxsus dastur va mobil ilova ishga tushiriladi;

Shuningdek, Milliy futbol markazida:

  • iqtidorli futbolchilarni erta aniqlash bo‘yicha Raqamli futbol situatsion markazi tashkil etiladi hamda uning faoliyatiga tajribali murabbiylardan iborat tahlilchilar jalb etiladi;
  • futbol uchrashuvlarini markazlashgan tarzda video yordamchi hakam (VAR) tizimidan foydalangan holda kuzatish uchun VAR markazi tashkil etiladi;
  • axborot tizimidagi ma’lumotlarni saqlash uchun "DATA futbol" markazi tashkil etiladi.

“Milliy futbol elektron platformasi” axborot tizimi 2026 yil 1 dekabrga qadar “Raqamli sog‘liqni saqlashning yagona platformasi” axborot tizimiga integratsiya qilinadi.

2025 yilda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga davlat budjetidan qo‘shimcha 15 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.

Mavzuga oid