O‘zbekiston | 13:41 / 08.10.2024
11354
6 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolarni onlayn kredit firibgarligidan saqlovchi choralar belgilandi. Yangi mexanizm qanday ishlaydi?

Markaziy bank 1 noyabrdan yangi antifrod qoidalarini o‘rnatmoqda. Kreditlarni onlayn rasmiylashtirishda 48 soatlik “muzlatish davri” joriy etiladi: bu vaqt mobaynida to mijoz kredit tashkiloti bilan aloqaga chiqib, firibgarlar ta’sirisiz ariza berganini tasdiqlamaguncha, kartaga kelib tushgan pulni O‘zbekistondan bevosita xorijga olib chiqib ketish imkonsiz bo‘ladi.

Markaziy bank jismoniy shaxslar nomiga firibgarlik yo‘li bilan onlayn kredit rasmiylashtirish holatlarining oldini olish uchun vaqtinchalik tartib joriy qilyapti. Bu tartib 2024 yil 1 noyabrdan 2025 yil 1 aprelgacha amal qiladi.

Markaziy bankning Kiberxavfsizlik markazi rahbari Olimjon Tolipov Kun.uz'ga kutilayotgan o‘zgarishlar haqida batafsil so‘zlab berdi.

Ma’lumki, firibgarlar bir kunda bir necha bankdan bir fuqaro nomiga kredit rasmiylashtiradi. Shu sababli endilikda kredit tashkilotlari fuqaro kredit olish uchun ariza yuborganidan keyin uning kredit byurolari ma’lumotlar bazasidagi kredit tarixini 2 bosqichda (ariza tushgandan so‘ng va kredit mablag‘lari ajratilishidan oldin) tekshirishdan (skoring) o‘tkazadi. Tekshiruv natijasida mijozning salbiy kredit tarixi yoki qarz yuki keskin oshgani aniqlansa, qisqa davr ichida bir nechta kredit rasmiylashtirilgan va qarz yuki keskin oshgan bo‘lsa, kredit ajratish rad etilishi yoki boshqa summada ajratilishi to‘g‘risida xabar beriladi.

“Firibgarlar tuzog‘iga shu paytgacha hech qayerdan onlayn kredit olmaganlar tushadi, olib yurganlar o‘zi kredit olyapti deb baholaymiz. Ilovaga birinchi marta ulangan va birinchi marta kredit olmoqchi bo‘lganlar banklar uchun “qizil bayroqcha” bo‘ladi.

Birinchi bosqichda banklar kredit oluvchining qarz yukini o‘rganadi. Misol uchun, mijoz bir bankdan men 10 mln so‘m olmoqchiman deydi. Banklar bugunning o‘zida bu odamning qarz yuki o‘zgardimi yoki yo‘qmi, boshqa banklardan kredit olishga ariza berdimi yoki yo‘qmi, o‘rganadi. Agar uning qarz yuki qisqa vaqtda keskin oshsa, banklar kredit rasmiylashtirishni to‘xtatadi”, – deydi u.

Firibgarlar odamlarni aldab, ularning nomiga kredit rasmiylashtirgach, bir necha kanallar orqali pullarni O‘zbekistondan tashqariga olib chiqib ketadi. Markaziy bank joriy etgan vaqtinchalik tartibda onlayn kredit rasmiylashtirilgach, ushbu kredit mablag‘lari hisobidan quyidagi amaliyotlarni bajarishga 48 soatlik cheklov joriy qilinadi:

  • P2P amaliyotlar (kartadan kartaga o‘tkazmalar);
  • jismoniy shaxslar hisobvaraqlari va elektron hamyonlarga o‘tkazmalar;
  • mobil aloqa operatorlari orqali telefon raqami hisobini to‘ldirish;
  • chet elga pul o‘tkazmalari hamda onlayn valuta ayirboshlash operatsiyalari.

“O‘rganishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, kredit olinganidan keyin firibgar uni chiqarib olishga harakat qiladi. Pulni kartadan kartaga o‘tkazma (P2P) qilib, boshqa kartalarga o‘tkazib olyapti. Ularning qo‘llarida drop kartalar bor (ayrimlar moddiy manfaat evaziga kartasini sotgan), o‘sha kartalarga o‘tkazib oladi. Keyin kriptoaktivlarga jo‘natib yuboradi. Biz firibgarlar pulni O‘zbekistondan tashqariga olib chiqib keta olmasligi uchun asosiy kanallarga cheklov o‘rnatdik. Fuqaro 48 soat ichida bank bilan bog‘lanib, bu kreditni firibgarlar ta’sirisiz olayotganini ma’lum qilganidan keyin cheklov shu zahoti yechiladi”, – deydi mutaxassis.

Kredit ajratish ma’qullangani haqida SMS xabarni olgan mijoz xabarda ko‘rsatilgan telefon raqami orqali bank bilan bog‘lanib, firibgarlar ta’sirisiz kredit olayotganini tasdiqlashi kerak. Firibgarlar ham anoyi emas: sizning nomingizdan bankka telefon qilishi va tasdiqlashga urinishi mumkin. Bank xodimi esa buni tekshirishi shart. Firibgar bankni aldamasligi uchun bank xodimi mijozga, u ro‘yxatdan o‘tgan raqamga qayta aloqaga chiqadi.

“Agar biz haqiqiy mijozga telefon qilib tusha olmasak, 48 soat ichida identifikatsiyadan o‘tmagan taqdirda P2P qilish va boshqa yuqorida nazarda tutilgan firibgarlar pulni olib chiqib ketish yo‘llari bloklanadi. Lekin agar siz biror do‘konga, O‘zbekistondagi biror yuridik shaxsga bu kredit mablag‘lari bilan bemalol to‘lov qilsangiz bo‘ladi. O‘z ixtiyoringizga ko‘ra naqdlashtirishingiz yoki tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar qilishingiz mumkin; bu operatsiyalar hech bir cheklovlarsiz amalga oshiriladi.

Maqsad pulni O‘zbekiston hududida ushlab qolish”, – deydi Olimjon Tolipov.

MB vakiliga ko‘ra, bu tartib dunyoning bir qator davlatlarida bor. Masalan, Yevropa Ittifoqining “Iste’mol kreditlari to‘g‘risida”gi 2008/48/EC direktivasida mijozga onlayn kredit (mikrozaym) ajratilganda firibgarlik holatlari mavjud yoki yo‘qligi tekshirilgunga qadar pul mablag‘lariga 14 kalendar kunlik, Rossiyada 14 kalendar kunlik, AQShda 3 kalendar kunlik, Kanadada 2 kalendar kunlik, Avstraliyada 14 kalendar kunlik “muzlatish davri” amaliyoti joriy qilinishi qayd etilgan.

Yuqorida keltirib o‘tilgan tartib 2024 yilning 1 noyabridan test rejimida barcha onlayn kredit beradigan banklarda joriy qilinadi. Vaqtinchalik tartibning amal qilish muddati hozircha 2025 yil 1 aprelgacha deb belgilangan.

Mavzuga oid