O‘zbekiston | 08:04 / 18.05.2021
7533
3 daqiqa o‘qiladi

Kimlar yosh tadbirkor deb hisoblanishi aniqlashtirildi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi hamda Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risida nizomlar tasdiqlandi.

Hujjat prezidentning 2021 yil 21 apreldagi «Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq qabul qilingan.

Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi to‘g‘risidagi nizomda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini tashkil qilish va boshqarish;
  • zonalar hududiga joylashtirish uchun yosh tadbirkorlik sub'yektining investitsiya loyihalarini tanlab olish va joylashtirish;
  • zonalarda joylashgan binolar va inshootlarni xususiylashtirish;
  • tijorat banklari tomonidan qurilgan bino va inshootlarni lizing yoki ijaraga berish tartibi.

Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari;
  • Jamg‘arma faoliyatini boshqarish tartibi;
  • Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish;
  • Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishga doir hisobot va nazorat yuritish tartibi.

Belgilanishicha, yosh tadbirkorlik sub'yekti 18 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan hamda yuridik shaxs maqomida yoki ta'sischilari sifatida sanoat yoki xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida investitsiya loyihasini amalga oshirish istagini bildirgan O‘zbekiston fuqarolari hisoblanadi.

Barcha tadbirkorlik sub'yektlarining investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun Jamg‘arma mablag‘lari tijorat banklari tomonidan belgilangan tartibda ajratilishi belgilangan.

Tegishli vazirlik va idoralarga 2021 yil 20 maygacha quyidagilarni amalga oshirish topshirildi:

  • 2021 yil 1 sentyabrgacha 77 ta hamda 2022 yil 1 yanvargacha 142 ta zonalar ishga tushirilishini nazarda tutuvchi ish rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash;
  • Yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimi doirasida nazarda tutilgan imkoniyatlar va imtiyozlar to‘g‘risida yoshlar orasida keng targ‘ibot ishlarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga quyidagilar yuklatildi:

  • har yili 25 dekabrgacha – Jamg‘armaning kelgusi yil uchun ish rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash;
  • har yili 20 yanvargacha – Jamg‘arma mablag‘larining taqsimlanishi bo‘yicha yillik hisobotni Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
  • Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qilish.

Mavzuga oid