O‘zbekiston | 11:20 / 29.04.2020
4995
10 daqiqa o‘qiladi

Hududlarda bittadan maktabda rivojlanishda turli nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun sinf ochiladi

Nogironligi bo‘lgan bolalarga ta'lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Prezidentning “Nogironligi bo‘lgan bolalarga ta'lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklarining:

ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash, shu jumladan zaruratga ko‘ra yangi o‘quv bino va yotoqxona korpuslari qurish, o‘quv ustaxonalari va laboratoriyalar tashkil etgan holda kengaytirish, sport zallari va maydonchalarini hamda boshqa infratuzilma obektlarini barpo etishni Investitsiya dasturi doirasida amalga oshirish;

zamonaviy talablarni hisobga olgan holda va tasdiqlangan normativlardan kelib chiqib, ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarini tibbiyot jihozlari, maxsus texnik va yordamchi asbob-uskunalari, shuningdek, o‘quv mebeli va anjomlari bilan jihozlash davlat budjeti mablag‘lari, shuningdek xalqaro moliyaviy va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlar grantlari doirasida kelib tushgan mablag‘lar hisobidan amalga oshirish;

2021 yil 1 sentyabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida sinov tariqasida bittadan umumta'lim maktablarida rivojlanishida turli nuqsonlari bo‘lgan hamda davolanishga va sog‘lomlashtirishga muhtoj bo‘lgan bolalar uchun tayanch korreksion sinflar ochish;

ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarining 9-sinf bitiruvchilari uchun hududlarda (3 ta hududda) o‘rta va o‘rta maxsus professional ta'lim dasturlari joriy etilgan imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktablarini tashkil etish;

2020-2021 o‘quv yilidan boshlab psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan davlat ta'lim muassasalarida majburiy umumiy o‘rta ta'lim 9 yillik muddatda amalga oshirilishi to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.

Belgilab qo‘yilishicha, 2021 yil 1 yanvardan boshlab:

bolalar musiqa va san'at maktablarida ta'lim olayotgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan bolalar o‘qishi uchun to‘lanadigan to‘lovlardan ozod etiladi;

ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarining tibbiyot xodimlari va tarbiyachi yordamchisiga hamda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktablari rahbar va pedagog xodimlarining mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda to‘lanadigan ustama haqi lavozim maoshining 75 foizi miqdorida, o‘quvchiga uyda yakka tartibda ta'lim berayotgan o‘qituvchilarga 100 foizi miqdorida to‘lanadi;

hududlardagi sinov tariqasida rivojlanishida turli nuqsonlari bo‘lgan hamda davolanishga va sog‘lomlashtirishga muhtoj bo‘lgan bolalar uchun tayanch korreksion sinflar ochilgan umumta'lim maktablariga bir nafar defektolog shtat birligi ajratiladi;

ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarida oliy ma'lumotli mutaxassis pedagoglar (o‘qituvchi va tarbiyachilar) faoliyat yuritishlari ta'minlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi:

a) O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 yanvardan boshlab ixtisoslashtirilgan maktablarga 1 tadan shifokor va hamshira shtat birligini kiritadi;

b) O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:

o‘quvchilarning jismoniy va aqliy talab-ehtiyojidan va ta'lim muassasalarining geografik joylashuvidan kelib chiqqan holda ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarini optimallashtirish hamda imkoniyati cheklangan bolalarning moslashishi va integratsiyasi uchun ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarini bosqichma-bosqich maxsus texnik jihozlari bilan ta'minlash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga asoslangan takliflar kiritadi;

2021-2025 yillarda Investitsiya dasturi doirasida qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash ishlari olib boriladigan ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarining manzilli ro‘yxatini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

Bunda respublikadagi mavjud imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarini to‘liq qamrab olishni nazarda tutadi;

v) O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktablardagi mavjud ehtiyojdan kelib chiqib, tibbiyot jihozlari, maxsus texnik va yordamchi asbob-uskunalar hamda boshqa anjomlarni xalqaro moliyaviy va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlar grantlari mablag‘lari hisobidan xarid qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;

 

g) O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga bolalar musiqa va san'at maktablarida ta'lim olayotgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan bolalarni ushbu muassasada o‘qishi uchun to‘lovlardan ozod etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, bunda:

2021 yil 1 yanvardan boshlab ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari hamda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktablari zarur bo‘lgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilish ishlari muassasalar tomonidan maxsus axborot portaliga e'lon berish yo‘li bilan o‘tkaziladigan tanlov (tender) natijalari bo‘yicha eng yaxshi shartlarni taklif qilgan ishtirokchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish orqali amalga oshiriladi;

2025 yil 1 yanvar kuniga qadar O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari hamda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktablari uchun mo‘ljallangan, Xalq ta'limi vazirligi tomonidan shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kiriladigan tibbiyot jihozlari, maxsus texnik va yordamchi asbob-uskunalar hamda boshqa anjomlari bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno) ozod qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar:

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab pedagog kadrlarni tayyorlash bo‘yicha taalluqli ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarining tegishli o‘quv dasturlariga inklyuziv ta'lim metodikasi bo‘yicha mavzular kiritilishini ta'minlaydi;

oliy ta'lim muassasalarining o‘quv binolari va talabalar turar joylarida nogironligi bo‘lgan shaxslar (jumladan, harakatlanishi cheklangan shaxslarni maxsus aravachalarda)ni harakatlanishi uchun shart-sharoit yaratadi;

o‘quv jarayonlarini tashkil etishda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun alohida masofaviy o‘qitish elementlaridan foydalanishni keng joriy etilishini ta'minlash vazifasi yuklatiladi;

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalariga defektologiya (faoliyat turlari bo‘yicha) yo‘nalishida sirtqi va kechki ta'lim shaklida abituriyentlarni qabul qilishda talabgorlar uchun qo‘shimcha ravishda bir foizli kvota ajratadi;

Oliy ta'lim muassasalariga 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab (ish beruvchilar) korreksion pedagogika va defektologiya sohasida pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlaridan kelib chiqib, kunduzgi bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga mos bo‘lgan yo‘nalishlar doirasida to‘lov-kontrakt asosida sirtqi va kechki ta'lim shaklida o‘qitishni tashkil etish huquqi beriladi;

Bunda, o‘qishga qabul qilish tegishli ish beruvchilarning tavsiyasi asosida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar hisobidan keyinchalik ushbu tizimda kamida besh yil ishlab berish sharti bilan ish faoliyatiga mos bo‘lgan bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga suhbat natijalariga asosan amalga oshirilishi inobatga olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda o‘rta va o‘rta maxsus professional ta'lim muassasalarida jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalar uchun uyda yakka tartibda ta'lim olishlarini joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarining o‘quv-ishlab chiqarish majmualarini mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan zarur jihozlar bilan ta'minlab boradi;

2021 yil 1 iyulga qadar ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarining hududlari va xonalarini videokuzatuv kameralari bilan jihozlanishini ta'minlasin, videoyozuvlar maxsus arxivda kamida bir oy davomida saqlanishini nazarda tutadi;

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalaridagi videokuzatuv kameralarining texnik sozligi va uzluksiz ishlashi, keyinchalik ularni Xalq ta'limi vazirligi tizimida arxivlashtirishni ta'minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid