O‘zbekiston | 19:46 / 22.11.2017
9702
3 daqiqa o‘qiladi

Kimyo texnologiyalari sohasida Janubiy Koreya bilan qo‘shma institut ochiladi

​Koreyaning Kimyo-texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti (KRICT) prezidenti vazifasini bajaruvchi Jong Sung Yong bilan bilan muzokaralar o‘tkazildi. Unda O‘zbekistonda qo‘shma ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.

Joriy yilning 16-18-oktabr kunlari KRICT vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurib, «Toshkent kimyo texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti» (TKTITI) va «O‘zkimyosanoatloyiha» loyihalash instituti faoliyati bilan tanishgandi.

Endilikda, ushbu ikki institut negizida ilmiy-tadqiqot markazi, loyihalashtirish va muhandislik, diagnostika markazi, malaka oshirish va ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat ko‘rsatuvchi  yagona institutni tashkil etish taklifi ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha «O‘zkimyosanoat» AJ bilan «TKTITI» DUK hamda «O‘zkimyosanoatloyiha» OAJ negizida quyidagi 4 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha qo‘shma institut tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi;

1) ilmiy-tadqiqot markazi: boshlang‘ich loyihalardan foydalangan holda organik va noorganik kimyoning barcha sohalarida, jumladan, neftkimyo, gaz kimyo, biokimyo, farmatsevtika va shu kabi yo‘nalishlarda  tadqiqot va ishlanmalar olib borish;

2) loyihalashtirish va muhandislik: ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va zamonaviy dasturiy  yechimlardan foydalangan holda loyihalarni ishlab chiqish;

3) diagnostika markazi: ishlab chiqarish uskunalarini tekshirish va diagnostika qilish, fizika-kimyoviy laboratoriyani zarur bo‘lgan zamonaviy asbob-uskunalarni sinovdan o‘tkazish va v.h.;

4) malaka oshirish va ta'lim: xorijlik o‘qituvchilarni jalb etgan holda, sanoat xodimlarini malakasini oshirish va o‘qitish, shuningdek, Kimyo-texnologiya ilmiy-tadqiqot institutining (KRICT) magistratura va doktorantura yo‘nalishlarida O‘zbekiston vakillarini ta'lim olishi va tajriba almashishini tashkil etish;

Kimyo-texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti (KRICT) ma'muriyati 2018 yilda doktoranturaga 3 nafar o‘zbek mutaxassisini qabul qilishga tayyorligini bildirdi. O‘qish yakunlangach, ushbu mutaxassislar O‘zbekistonda tashkil etilgan yangi  qo‘shma markazda ishlashadi.

22 noyabr kuni ikki mamlakat hukumatlari ko‘magida Kimyo-texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti (KRICT) bilan qo‘shma institut tashkil etish to‘g‘risidagi Hamkorlik bitimini  imzolash rejalashtirilgan.

KRICT Koreya hukumati tashabbusi bilan 1976 yilda tashkil etilgan kimyoviy texnologiya davlat ilmiy-tadqiqot institutidir. Institut kimyoviy texnologiyaning deyarli barcha sohalaridagi asosiy tashabbuskor va yangilik yaratuvchidir.

Institut sohaga oid yangiliklarni jalb qilgan holda organik va noorganik kimyo sohasida uglerod resurslarini qayta ishlash, yangi materiallarni takomillashtirish, biologik va tibbiyot mahsulotlarni ishlab chiqarish va boshqa sohalarda tadqiqotlar olib boradigan 980 nafardan ortiq xodimlarga ega.