O‘zbekiston | 15:25 / 25.11.2025
16442
4 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada hokim o‘rinbosari ekologiya inspektoriga kuch ishlatdi

Buvayda tumanida ekologiya inspektori daraxt kesayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatib, uning qo‘lidan arrasini tortib olgan. Voqea joyida turgan hokim o‘rinbosari esa aholi va IIB xodimlari ko‘z o‘ngida inspektorga jismoniy kuch ishlatib, uni chetga olib ketgan.

Foto: Videodan kadr

Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida hokim o‘rinbosari ekologiya inspektoriga kuch ishlatdi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi raisi maslahatchisi Rasul Kusherbayev xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Buvayda tumanida ekologiya inspektori Ahrorjon Niyozov aholi murojaatiga asosan manzilga borib, noqonuniy daraxt kesish holatini aniqlagan. So‘ngra daraxtlarni kesayotgan shaxsni to‘xtatib, belgilangan tartibda hujjatlarni rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan.

Voqea joyida bo‘lgan Buvayda tumani hokimi o‘rinbosari Saidali Xizirov esa ekologiya inspektoriga kuch ishlatib, uni chetroqqa olib chiqishga uringan. Xabarda hokim yordamchisi milliy gvardiya xodimlari yordamida inspektorni tuman IIBga olib ketgani aytiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda ekologiya inspektori daraxt kesayotgan shaxsning qo‘lidagi arrani tortib olganini ko‘rish mumkin. Ushbu shaxs daraxt kesmayotgani, balki butayotganini aytgan. Biroq videoda daraxt kesilgani yaqqol ko‘ringan. 

Shundan so‘ng hokim o‘rinbosari atrofdagi ishchilarga ekologiya inspektorining qo‘liga o‘tgan arrani olib qo‘yishni buyuradi. Bunga javoban ekologiya inspektori hokim o‘rinbosariga qonuniy faoliyatiga bosim o‘tkazishga haqqi yo‘qligini aytib e’tiroz bildirgan. Mulozim esa unga jismoniy kuch ishlatib, chetroqqa sudrab ketgan.

Voqeaga ichki ishlar xodimlari guvoh bo‘lib turgan.

Farg‘ona viloyati IIB holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, Buvayda tumanida noqonuniy daraxt kesilayotganligi bilan bog‘liq xabarlar Farg‘ona viloyat IIB tomonidan o‘rganib chiqilgan. Shu bilan birga, ekologiya inspektori IIBga olib kelingani haqidagi axborot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi qayd etilgan.

«Hozirda Farg‘ona viloyat hokimligi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tuzilgan ishchi guruh Buvayda tumani hokimligi vakillarining xatti-harakatlariga huquqiy baho berish bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib bormoqda», deyiladi viloyat IIB rasmiy munosabatida.

Farg‘ona viloyati hokimligi esa holat yuzasidan viloyat hokimi o‘rinbosari H.Dolimov boshchiligida ishchi guruh tuzilib, joyiga o‘rganish uchun yuborilganini ma’lum qildi. O‘rganish yakunlari yuzasidan holatga qonuniy baho berilishi qo‘shimcha qilingan.

Farg‘ona viloyati Ekologiya boshqarmasi ham holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirgan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda Buvayda tumani Nayman qishlog‘ida zovur atrofidagi daraxtlar noqonuniy ravishda kesilayotgani haqidagi xabarlar yuzasidan Farg‘ona viloyati prokuraturasi, viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi Buvayda tuman bo‘limi davlat inspektorlari hamda IIB 2-mintaqaviy hudud patrul-post xizmati xodimlari tomonidan shu kunning o‘zida nazorat reyd tadbirlari o‘tkazildi», deyiladi munosabatda.

Reyd davomida tumanning Nayman MFY hududidagi zovur atrofida noqonuniy daraxt kesish holati tasdiqlangan. 26 to‘p kam qimmatli daraxtning qonunga xilof ravishda kesilgani aniqlangan. Unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bo‘yicha bayonnoma tuzilib, 10,3 million so‘m jarima hamda 45,8 million so‘mlik atrof-muhitga yetkazilgan zarar hisoblab chiqilgan.

Boshqarma mazkur harakatni qattiq qoralab, mansabdor shaxslar qonuniy javobgarlikka tortilishi uchun choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, hodisa vaqtida inspektorga bosim bo‘lganiga to‘xtab o‘tilmagan.

Mavzuga oid