O‘zbekiston | 10:24 / 27.02.2020
7854
4 daqiqa o‘qiladi

Andijonning 2040 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasi tasdiqlanadi

Andijon shahrining 2040 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasi tasdiqlanadi

Foto: O‘zA

Vazirlar Mahkamasining “Andijon shahrining 2040 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjat bilan Andijon shahrining 2040 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasi tasdiqlanadi.

Quyidagilar:

Andijon viloyati hokimligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishilgan Andijon shahrining 2040 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasining asosiy yechimlari;

Andijon shahar bosh rejasining texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari tasdiqlanadi.

Andijon viloyati va Andijon shahri hokimliklari tasdiqlangan shahar bosh rejasiga muvofiq:

a) Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qisqa, o‘rta va uzoq muddatli istiqbollarga mo‘ljallangan qurilish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish istiqbollarini rejalashtirishni hisobga olgan holda 2040 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan Andijon shahrini kompleks qurish Dasturi loyihasini ishlab chiqadilar va Vazirlar Mahkamasiga kiritadilar;

Andijon shahrining tasdiqlangan bosh rejasi asosida, Andijon shahri chegara chizig‘i loyihasini Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda taqdim etadi.

b) manfaatdor vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda quyidagilarni ta'minlaydilar:

shahar yerlaridan maqsadsiz foydalanishga va noqonuniy qurilishlarni amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan qat'iy nazorat o‘rnatish yo‘li bilan ulardan samarali foydalanish;

umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari va magistral ko‘chalar, yo‘l o‘tkazgichlar va avtobekatlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlashni hisobga olgan holda yo‘l-transport infratuzilmasi tizimini takomillashtirish;

energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yo‘li bilan suv ta'minoti, kanalizatsiya, irrigatsiya, elektr ta'minoti, gaz ta'minoti, issiqlik ta'minoti va telekommunikatsiyalar obektlarini qurish va rekonstruksiya qilish yo‘li bilan muhandislik-kommunikatsiya tuzilmasini modernizatsiya qilish;

hududning shaharsozlik qiyofasini shakllantiruvchi mavjud maydonlar, obodonlashtirilgan xiyobonlar va bog‘larni rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish yo‘li bilan arxitektura-rejalashtirishni yaxshilash ishlarini tashkil etish hamda arxitektura ansambllari yaratish;

uy-joy, ta'lim, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat, san'at va dam olish obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash hisobiga infratuzilmani rivojlantirish;

ilmiy gidrogeologik tadqiqotlar asosida sizot suvlar sathini pasaytirish bo‘yicha shahar hududini muhandislik jihatidan tayyorlash tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

aholining fuqarolik muhofazasi bo‘yicha muhandislik-texnik tadbirlarni ishlab chiqish;

birinchi navbatda quriladigan hududlarning batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqishni tashkil etish;

shaharning tasdiqlangan bosh rejasiga muvofiq shaharning qurilish bazasini rivojlantirish tadbirlarini amalga oshirish.

Andijon viloyati va Andijon shahri hokimliklari, manfaatdor vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari, loyiha-qidiruv tashkilotlari rahbarlari zimmasiga 2040 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan Andijon shahri bosh rejasini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, shaharsozlik jihatidan ta'minlovchi obektlarni kompleks va oqilona joylashtirish, shuningdek, ushbu maqsadlarga yo‘naltirilayotgan moliyaviy mablag‘lardan maqsadli foydalanish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklanadi.

Mavzuga oid