O‘zbekiston | 08:43 / 10.10.2020
21740
2 daqiqa o‘qiladi

Uy-joy kodeksi yangilanadi

Uy-joy kodeksining yangi tahriri loyihasi muhokama uchun QHTBT portalida joylashtirilgan.

Qonun loyihasini qabul qilish zarurati amaldagi Uy-joy kodeksi sobiq SSSRning qonunchiligi asosida ishlab chiqilgani, 1998 yil 24 dekabrda qabul qilingani va uning normalari hozirgi zamon talablariga to‘liq javob bermasligi bilan izohlanadi.

Norma’ning yozishicha, loyihada kodeks bilan tartibga solinadigan munosabatlar doirasi kengaytirilmoqda. Unda amal qilish chegarasi aniq belgilanmoqda, fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan masalalar (jumladan, turar joyga bo‘lgan mulk huquqi, uning vujudga kelish tartibi, uy-joy ijarasi, turar joyni ijaraga berish haqi, turar joyni almashtirish va ayirboshlashga oid qoidalar) chiqarilmoqda.
 
Loyiha o‘zida ko‘p sonli qonunosti normativ hujjatlarini birlashtiradi. Xususan, ilgari uylarni rekonstruksiya qilish, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan uy-joydan foydalanish normativlarini belgilash, uy-joy egalarining huquq va majburiyatlarini qayta ko‘rib chiqish va boshqa masalalar to‘liq qamrab olinmagan edi.
 
Bundan tashqari, Uy-joy kodeksiga quyidagilar kiritildi:

  • uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarning huquqlarini himoya qilish jihatlari;
  • turar joyni noturar joy toifasiga o‘tkazish tartibi;
  • bog‘dorchilik va boshqa yer uchastkalarida joylashgan imoratlarni uylar deb tan olish tartibi;
  • ko‘p kvartirali uylardagi yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar va yakka tartibdagi turar joylar orasida yoki ularga yondosh qurilgan noturar joylarda amalga oshirilishi taqiqlangan faoliyat turlari ro‘yxati;
  • meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida berilgan yer uchastkalarida turar joy qurish, mulk huquqi yoki foydalanish huquqi asosida yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yer uchastkalarida turar joy qurish asoslari va tartibi.

 Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Mavzuga oid