O‘zbekiston | 14:18 / 13.07.2025
33038
2 daqiqa o‘qiladi

Marg‘ilonda Gentra ko‘chada o‘ynab o‘tirgan yosh bolani bosib ketdi

Ko‘p qavatli uylar oralab juda sekin harakatlangan avtomobil yo‘l chetida o‘ynab o‘tirgan bolaning ustidan yurib o‘tgan – mashinaning old g‘ildiragi jabrlanuvchining ko‘krak qismini, orqa g‘ildiragi esa tos qismini bosib o‘tgan, haydovchi ayol bolaning baqirishini ham eshitmay, bamaylixotir o‘z yo‘lida davom etib, hodisa joyidan ketib qolgan.

Foto: Videodan kadr

Joriy yil 10 may kuni Marg‘ilon shahridagi ko‘p qavatli uy yo‘lagida o‘ynab o‘tirgan 2,5 yashar bola – Abubakr Akramjonovni shu yerdagi xonadonlardan birida yashovchi 55 yoshli ayol Gentra avtomobilida bosib ketgan.

Kun.uz’da mavjud videoda avtomobil yo‘l chetida o‘ynab o‘tirgan bolaning ustidan o‘tib, old g‘ildiragi bilan ko‘krak qismi, orqa g‘ildiragi bilan esa tos qismini bosib o‘tib, bolaning baqirganini eshitmay o‘z yo‘lida bamaylixotir davom etib, hodisa joyidan ketib qolgan. 

Ushbu holat ko‘chaga o‘rnatilgan kuzatuv kameralarida yozib qolingan.

«Nevaramning tos suyaklari 3 joyidan sindi. Bir oy to‘shakka mixlanib yotdi. Hozir ham o‘zida emas. Haydovchi ayol esa pinagini buzgani ham yo‘q. Olti oy davomida yaxshi bo‘ladi deyishdi. Lekin batamom yaxshi bo‘lib ketishiga hech kim kafolat bermaydi», deydi bolaning buvisi Kun.uz bilan suhbatda.

Ayni paytda holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani aytilgan. 

Kun.uz holat bo‘yicha surishtiruv o‘tkazmoqda.

Mavzuga oid