Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Serbiyada muxolifatchilar va prezident tarafdorlari to‘qnashdi
Serbiyaning bir necha shaharlarida muxolifatchilarning prezident Vuchich tarafdorlari va politsiya bilan ommaviy to‘qnashuvlari yuz berdi. Rasmiylarga ko‘ra, uch tomondan o‘nlab kishilar yaralangan.
Foto: AFP
Chorshanba kuni Serbiya poytaxti Belgrad, shimoldagi Novi Sad, janubdagi Nisha, markazdagi Kraguyevats va boshqa bir qancha shaharlarda mamlakat prezidenti Aleksandr Vuchichning muxoliflari uning tarafdorlari va politsiyachilar bilan to‘qnashdi.
Prezident partiyasining hududiy ofislari oldida to‘plangan tomonlar bir-birlarini mushaklar bilan o‘qqa tutgan, petardalar, toshlar va turli buyumlar uloqtirilgan, mushtlashuvga kirishishgan, politsiya esa ularni ajratishga harakat qilgan.
Prezident Vuchich chorshanba kuni kechqurun Novi Sadda 64 nafar tarafdori jarohat olganini aytdi va «bosmachilar va bezorilar»ga shafqat qilinmasligiga va’da berdi. Vuchich Belgraddagi shtab-kvartira oldida to‘plangan partiyadoshlari qarshisiga chiqqan.
Serbiya politsiyasi boshlig‘i Dragan Vasilevichning ma’lum qilishicha, mamlakat shimolidagi Vrbas shaharchasining o‘zida yuz bergan to‘qnashuvlarda 16 nafar politsiyachi va 50 nafar namoyishchi yaralangan.
BBC Serbiya xizmatining qayd etishicha, kamida Novi Saddagi to‘qnashuvlar kechgacha davom etgan va jabrlanganlarning aniq soni hozircha ma’lum emas.
Talabalar tashkilotlari boshchiligidagi serb muxolifati to‘qqiz oydan beri norozilik namoyishlarini o‘tkazmoqda. Namoyishlar o‘tgan yil 1 noyabr kuni Novi Sada vokzalida temir-beton soyabon qulab tushgani va 16 kishi halok bo‘lgani ortidan boshlangan.
Namoyishchilar ushbu fojiada aybdorlarni jazolashni, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishni, shuningdek, navbatdan tashqari saylovlar e’lon qilishni talab qilmoqda.
Hozircha ular bosh vazirning iste’fosiga erishgan, biroq prezident Vuchich iste’foga chiqmoqchi emas.
BBC Serbiya xizmatiga ko‘ra, bu safar to‘qnashuvlar 12 avgustdayoq boshlangan. Belgrad, Nisha va mamlakat shimolidagi Vrbas va Bachka Palanka shaharlarida namoyishchilar prezident partiyasining hududiy ofislariga kelishgan. Vrbasda ularga Vuchichning niqob taqqan tarafdorlari to‘qmoqlar bilan hujum qilishgan.
Shu bilan birga, politsiya partiya idoralari atrofini o‘rab olib, tomonlarni ajratishga harakat qilgan.
Shundan so‘ng namoyish tashkilotchilari o‘z tarafdorlarini 13 avgust kuni Serbiya taraqqiyparvar partiyasining boshqa shaharlardagi ofislariga chiqishga chaqirgan.
To‘qnashuvlardan tashqari, norozilik namoyishlari ishtirokchilari ba’zi joylarda yo‘llarni to‘sib qo‘yishgan.
To‘qnashuvlar va tartibsizliklarni uyushtirganlarni nafaqat hokimiyat, balki muxolifatdagi siyosiy partiyalarning siyosatchilari ham qoraladi.
Mavzuga oid
12:01
Vuchich Serbiyada 2026 yilda muddatidan oldin saylov o‘tkazishga va’da berdi
14:09 / 26.12.2025
AQSh Serbiya kompaniyasiga RF ulushini sotish bo‘yicha muzokaralar uchun muddat berdi
21:07 / 20.12.2025
Xorvatiya va Serbiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik fuqarolardan murojaatlar ko‘paygan – Migratsiya agentligi
12:53 / 17.12.2025