O‘zbekiston | 07:39 / 04.01.2024
29182
2 daqiqa o‘qiladi

«Eski ToshMi» tibbiyot akademiyasining binosi buzilishi haqida xabarlar tarqaldi 

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi “Eski ToshMi” tibbiyot akademiyasining binosi buzilishi haqida xabarlar tarqaldi. Madaniy meros agentligi bu borada rasmiy ma’lumot berdi.

Foto: Madaniy meros agentligi

Madaniy meros agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan holat yuzasidan joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari olib borildi. Yashnobod tumanida joylashgan “Eski ToshMI” (Tibbiyot 29-son davolash bo‘limi akademiyasi) binosi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan madaniy meros obekti sifatida ro‘yxatga olingan.

Mazkur tibbiyot muassasasi XIX asrda qurilgan bo‘lib, hozirda bino davlat mulki hisoblanadi. 

2024 yilning 3 yanvar kuni Toshkent shahar Madaniy meros boshqarmasi tomonidan muammo joyiga chiqqan holda o‘rganilganida hech qanday qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmayotganligi aniqlangan. Tibbiyot maskani ma’muriyatiga binoda qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borish uchun Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining tegishli ruxsatnomasi asosida va loyiha-smetalarini taqdim etgan holda ish boshlash kerakligi alohida tushuntirilgan.

“Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunining 23-moddasiga muvofiq “Davlat mulkida turgan moddiy-madaniy meros obektlari davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi mumkin emasligi” belgilangan.

Mavzuga oid