O‘zbekiston | 14:36 / 19.12.2025
1443
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari bilan uchrashdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida ushbu mamlakatning yirik kompaniyalari, moliya institutlari va biznes uyushmalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda O‘zbekiston-Yaponiya iqtisodiy sherikligini yanada chuqurlashtirish, investitsiyalar hajmini oshirish va yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Ryosey Akazava, shuningdek Sojitz, Sumitomo, Toyota, ITOCHU, Mitsubishi, Marubeni, NEC, SBI Holdings, Ajinomoto, Hitachi, Mitsui, Eurus Energy, Chubu Electric Power, Shikoku Electric, Shimizu, Hankyu Travel International kabi korporatsiyalar, JBIC, JICA, NEXI, JETRO, ROTOBO, JOGMEC, Norinchukin va SBI Shinsei banklari hamda Yaponiya sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi vakillari ishtirok etdi.

Davlat rahbari yapon ishbilarmonlarining bunday nufuzli tarkibi ikki tomonlama ishonch va iqtisodiy sheriklikni yanada rivojlantirishga qiziqish yuqori ekanini ko‘rsatishini ta’kidladi. Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Yaponiya hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi: yapon kompaniyalari pudrat ishlari bilan cheklanib qolmasdan, mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritib, qo‘shma korxonalar yaratmoqda, texnologiyalar transferi va milliy kadrlarni tayyorlashga hissa qo‘shmoqda.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ijobiy dinamika qayd etildi: oxirgi sakkiz yilda tovar ayirboshlash 2 baravar oshgan, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yapon kompaniyalari soni esa 10 karra ko‘paygani bildirildi. Energetika, sog‘liqni saqlash, geologiya, axborot texnologiyalari va infratuzilma kabi yo‘nalishlarda kooperatsiya mustahkamlanayotgani ta’kidlandi.

Prezident mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ustuvor maqsadlariga to‘xtalib, so‘nggi 8 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 2 baravar oshganini, 2030 yilga qadar mamlakatni o‘rta darajadan yuqori daromadli davlatlar qatoriga kiritish vazifasi belgilanganini qayd etdi. Shu munosabat bilan yapon ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, sanoatlashuvni tezlashtirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirish jarayonlarida faol ishtirok etishga taklif qilindi.

Muzokaralarda hamkorlikning qator ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan, energetik barqarorlik va “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, qayta tiklanadigan energiya manbalari hamda energiyani zaxiralash tizimlarini rivojlantirish, iqtisodiyotda “uglerod izi”ni kamaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, o‘ta muhim minerallarni qo‘shilgan qiymatning to‘liq zanjiri asosida chuqur qayta ishlash, mashinasozlik va sanoat uskunalari ishlab chiqarishini kengaytirish, sun’iy intellekt va raqamlashtirish dasturlarini amalga oshirish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

Yana bir muhim yo‘nalish sifatida maxsus iqtisodiy zonalarni zamonaviy standartlar asosida rivojlantirish, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va raqamli boshqaruvni joriy etish orqali ularni yuqori texnologiyali, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish hamda sanoat kooperatsiyasi markazlariga aylantirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi. Misol tariqasida, JICA ko‘magida Yaponiya modeli va standartlari asosida maxsus iqtisodiy zona barpo etish loyihasi ishlab chiqilayotgani aytildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Yaponiyani nafaqat investor, balki kelajak sanoatini barpo etishda strategik hamkor sifatida ko‘rishi ta’kidlandi. Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillari esa O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish va ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish rejalarini bildirdi.

Mavzuga oid