O‘zbekiston | 08:42 / 05.05.2021
23879
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat xarajatlari daromadlardan ko‘p: O‘zbekiston budjetining bir kunlik tushum va chiqimlari ma'lum qilindi

Bir kunlik budjet xarajatlari daromad va tushumlardan yuqori miqdorda qayd etildi.

3 may kuni O‘zbekiston budjetining daromad va tushumlari 575,8 mlrd so‘mni, xarajatlari 1 trln 77 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Moliya vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, ushbu sanada budjet buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan elektron davlat xaridlari uchun 5 ming 812ta shartnoma tuzilgan va xaridlarga 60 mlrd 746 mln so‘m sarflangan.

Xususan, 22,4 mlrd so‘m jihozlar, transport vositalari va asbob-uskunalarga, 9,2 mlrd so‘m tovar-moddiy zaxiralarga yo‘naltirilgan. 18 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ga esa kiyim-kechak, dori-darmon, tibbiyot vositalari va boshqa mahsulotlar xarid qilingan.

Avvalroq, 16 aprel kungi budjet daromad va xarajatlari miqdori ma'lum qilingandi. O‘tgan oy o‘rtasidagi tushumlar 936 mlrd 5 mln so‘mni, xarajatlar esa 1 trln 338 mlrd 500 mln so‘mni tashkil etgan.

Shu bilan birga, 6 apreldagi daromad va tushumlar 299,5 mlrd so‘m, xarajatlar 701,8 mlrd so‘m bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning dastlabki 3 oyida respublika yalpi ichki mahsuloti 3 foizga oshib, 128,6 trln so‘mni tashkil etdi. 2020 yilda esa bu ko‘rsatkich 110,5 trln so‘mga to‘g‘ri kelgan.

2021 yil yakuni bo‘yicha respublika konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 178,7 trln so‘mni, xarajatlari 216,2 trillion so‘mni tashkil etishi prognoz qilingan. Bu yilgi budjet taqchilligi esa 37,5 trillion so‘m bo‘lishi kutilmoqda.

Mavzuga oid